21:21 / 23.08.2016
15649

Mayya astronomlari Kopernikdan bir necha asr ilgarilab ketishgan

Mayya hindulari misli ko‘rilmagan kuchli astronom bo‘lib chiqishdi – ular Nikolay Kopernik tomonidan geliotsentrik model yaratilishidan ancha avval koinot uzra sayyoralar harakati tamoyillarini kashf qilib, ularni o‘zlashtirishgan. Bu haqida Journal of Astronomy in Culture’da ma'lum qilindi. 

Kolumb va boshqa yevropaliklar yetib kelguniga qadar Yangi Dunyo aborigenlari tomonidan yaratilgan “Drezden kodeksi” eng qadimiy kitoblardan biri hisoblanadi. Eramizning XI-XII asrlarida yozib qoldirilgan mayyalarning bu qo‘lyozmasi VIII-IX asrlarda hindu donishmandlari tomonidan tayyorlangan qo‘lyozmaning nusxasi hisoblanadi. Mazkur kodeks hindularning sirli yozuvlarini o‘rganishda kalit sifatida xizmat qiladi. 

74 sahifali bu kitobda mayyalar hayoti haqida ko‘plab diniy va ilmiy ma'lumotlar mujassam bo‘lib, undan Quyosh tutilishi va Oy harakatiga oid bashoratlar, turli marosimlar, bayramlar va shu kabi ko‘plab boshqa qiziqarli ma'lumotlar o‘rin olgan. 

Santa-Barbaradagi (AQSh) Kaliforniya universiteti olimi Jyerardo Aldana ushbu kodeksning eng qiziqarli va hozircha uncha tushunarli bo‘lmagan qismi – Venera jadvallarini o‘rganib chiqdi.

Olimning ta'kidlashicha, kitobda mavjud mayya iyeroglifining barcha ma'nolari hali o‘rganilmagan, shu bois tarixchi va olimlar Drezden kodeksidagi ko‘p passajlar ma'nosini taxmin qilishiga to‘g‘ri keladi. Bu ishni ilk marotaba 1887 yilda nemis tarixchisi va matematik olimi Ernst Ferstermann amalga oshirgan. 

Aldana bir qator iyerogliflarning ma'nolari haqidagi yangi ma'lumotlarni qo‘llab, Venera jadvallarini qayta o‘qib chiqdi. U jadvallarda gap ma'lum bir davrlarda Veneraning joylashuvi haqidagina emas, balki tarixiy davrdan ancha ilgarilab ketgan ajoyib astronomik kashfiyot haqida borayotganini aniqladi. 

Amerikalik tadqiqotchining so‘zlariga ko‘ra, uning hamkasblari hisob-kitoblar va ularning aniqligiga e'tibor qaratishgan, biroq muqaddimaga e'tibor berishmagan – bu yerda raqamlar nimani anglatishi va Veneraning orbita bo‘ylab harakatlanishiga oid hisob-kitoblardagi g‘alati noaniqlik haqida yozilgan bo‘lgan. 

Mayyalar Veneraning koinot uzra aylanib, kuzatuvlar avvalida bo‘lgan joyga qaytib kelishiga 584 kun emas, 583,92 kun ketishini yaxshi anglab yetishgan. Jadval tuzuvchilar bu raqamlardan foydalanib, sayyoraning joylashuvini aniqlashda Kodeks ma'nolariga nisbatan qo‘llash kerak bo‘lgan bir necha formulalar va ishoralar berishgan. 

Aldananing fikricha, Venera, Yer va boshqa sayyoralar Quyosh atrofida aylanishini bilmay turib, bunday hisoblash tizimini o‘ylab topishning iloji yo‘q. Olimning so‘zlariga ko‘ra, Chichen-Itseda ana shunday rasadxona bo‘lgan. 

Olimning so‘zlariga ko‘ra, Nikolay Kopernikning sayyoralar harakatiga doir mashhur formulalariga o‘xshash Venera jadvallarida berilgan formulalar i ularning ma'nolari mayya madaniyati Kopernik va Yevropa astronomiyasining boshqa asoschilari darajasiga bir necha asr ilgari yetib bo‘lgan, deyishimizga imkon beradi. 

 

Top