22:29 / 23.08.2016
7481

Nikolya Sarkozining prezident lavozimiga qaytishiga deyarli 80 foiz fransuzlar qarshi chiqmoqda

22 avgustda Fransiya prezidenti lavozimiga saylovlarda ishtirok etish istagini bildirgan, mamlakatning sobiq prezidenti Nikolya Sarkozining prezident lavozimiga qaytishiga 79 foiz fransuzlar qarshi chiqishmoqda. Bundan Elabe kompaniyasi tomonidan o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalari guvohlik bermoqda.

Tadqiqot ma'lumotlariga ko‘ra, respondentlarning 54 foizi hech qanday vaziyatda Sarkozini davlat rahbari etib saylamasliklarini, 25 foiz respondentlar esa buni unchalik istashmayotganlarini aytishgan.

Shu bilan birga so‘rovnomaning 21 foiz ishtirokchisi Sarkozini qo‘llab-quvvatlab chiqdi, ulardan 9 foizi unga "shubhasiz" ovoz berishlarini aytishgan.

Qiziqarlisi, o‘ng va sentristlar tarafdorlarining ko‘pchiligi – 54 foizi Sarkozini qo‘llab-quvvatlashmayapti va uning o‘rniga Bordo shahri meri Alen Jyuppenni xush ko‘rishmoqda.

Frantsuzlar Sarkozining shaxsiy sifatlari borasida uning qat'iyatliligi (73 foiz), harakatchanligi (67 foiz) va mardligini (54 foiz) qayd qilib o‘tishgan. Shu bilan birga 27 foiz respondentlargina Sarkozining halolligini qayd qilib o‘tishdi.  

So‘rovnoma 22-23 avgustda o‘tkazilgan va unda 1000 respondent qatnashgan.

Sarkozi Fransiya prezidenti lavozimini 2007-2012 yillar davomida egallagan. U birinchi muddati yakunlangandan keyin navbatdagi prezidentlik saylovlarida qatnashgan, biroq 2-bosqichda Fransua Ollandga yutqazib qo‘ygan.

 

Top