14:37 / 24.08.2016
7404

O‘zbekiston 2016 yilning ikkinchi choragida 47,7 mln dollarlik grantlarni jalb qildi

O‘zbekiston hukumati 2016 yilning ikkinchi choragida umumiy qiymati 47,7 million dollarga teng 89ta grant jalb qildi. Bu haqda O‘zbekiston Moliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Vazirlik ma'lumotlariga ko‘ra, sog‘liqni saqlash sohasidagi loyihalarni amalga oshirish, Ta'lim, fan va xodimlarning malakasini oshirish maqsadlari uchun 20 million dollarlik 42ta grant jalb etilgan. Shuningdek, ijtimoiy himoya va madaniyat rivojlantirish maqsadlari uchun umumiy qiymati 2,1 million dollar bo‘lgan 12ta grant jalb qilingan.

1,4 mln dollar miqdoridagi 11ta grant Qishloq va suv xo‘jaligi sohasidagi loyihalar uchun, 9,6 mln dollar hajmidagi 7ta grant esa Huquqni muhofaza qilish va bojxona organlarini texnik jihozlash yo‘nalishi bo‘yicha jalb etilgan.

2016 yilning ikkinchi choragida O‘zbekiston turar joylar, transport va energetika infratuzilmalari uchun jalb qilgan 4ta grantning qiymati 6,8 mln dollar.

Davlat xizmati organlarini moddiy-texnikasini va institutsional rivojlanishini ta'minlash, zamonaviy informatsion-kommunikatsion texnologiyalarni tatbiq etish uchun esa 6,2 million dollarlik (3 grant) grantlar jalb etilgan. Ekologiya sohasidagi loyihalar uchun 0,9 million dollar (4 grant) va boshqa yo‘nalishlardagi loyihalar uchun 0,7 million dollarlik (6 grant) grantlar jalb qilingan.

Eslatib o‘tamiz, 2016 yilning 1-choragida O‘zbekiston 51,7 mln dollarlik 67ta grant jalb qilgandi.

Top