18:48 / 30.08.2016
6633

Boshpanasiz tay ezgu amali tufayli ish va turar joyga ega bo‘ldi

Haqiqiy vijdonli kishilar hattoki og‘ir damlarda ham hayotiy tamoyillariga sodiq qolishadi. Tailandda yashovchi 44 yoshli Varalop ismli boshpanasiz kishi aynan shundaylar sirasiga kiradi. U metro bekatida dizaynerlik hamyonini ko‘rib qoladi va uni egasiga qaytarishga shoshiladi. 

Shunisi diqqatga sazovorki, hamyonda 20 000 bat (580 dollar) va kredit kartalari bo‘lgan, boshpanasiz kishining esa yegulikka arang yetadigan mayda puli bo‘lgan, xolos. 

Varalop pullardan o‘z ehtiyojlarini qondirish yo‘lida foydalanmadi, aksincha, u topilmani politsiyaga yetkazdi. Politsiyadan hamyonini olgan 30 yoshli Niiti Pongkrayngyos boshpanasiz kishining naqadar vijdonli ekanligidan hayratga tushdi. “Agar men uning holatiga tushib qolganimda edi, hamyonni qaytarishim amri mahol bo‘lardi”, - deya tan oldi u. 


Niiti Varalopga minnatdorchilik ramzi sifatida pul taklif qilmoqchi edi, ammo “buning o‘zi yetarli bo‘lmaydi”, degan qarorga keldi. Shu bois u boshpanasiz kishiga o‘z fabrikasida ish berdi, bundan tashqari fabrika xodimlari yashaydigan uydan u uchun xonadon ajratdi. Hozirda o‘sha boshpanasiz kishi oyiga 11 000 bat (317 dollar) maosh oladi, endi u yerosti yo‘lida tunamaydi.  


“Hayotimni yaxshi tomonga o‘zgartirish uchun imkon berishgani uchun g‘oyat minnatdorman, - deydi Varalop. – Endi mening toza krovatim bor, men haqiqatdan baxtliman”. 


 

Mavzuga oid
Top