16:47 / 31.08.2016
8095

Almazbek Atambayev: Biz birgalikda buning uddasidan chiqdik – Qirg‘iziston davlat sifatida qaror topdi!

Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atambayev bugun qirg‘iz xalqi mustaqilligining 25 yilligiga bag‘ishlangan bayram tantanasida ishtirok etar ekan, “Biz birgalikda buning uddasidan chiqdik – Qirg‘iziston davlat sifatida qaror topdi”, dedi. Bu haqida 24.kg nashri ma'lum qildi. 

Tadbir Ala-Too maydoniga Davlat bayrog‘ini tantanali ravishda olib chiqish bilan boshlandi. Shu vaqtning o‘zida bosh tribunaga QR Qurollangan kuchlari bosh qo‘mondoni Almazbek Atambayev boshchiligidagi davlat yetakchilari chiqib kelishdi. Maydonda qad rostlagan harbiylarni QR Qurolli kuchlar bosh shtabi rahbari general-mayor Raimberdi Duyshenbiyev qarshiladi. 

Shundan so‘ng so‘z Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atambayevga berildi. Davlat rahbari o‘z chiqishini an'anaga ko‘ra, Mustaqillik bayrami bilan qutlashdan boshladi. U qirg‘iz xalqiga murojaat qilar ekan, shunday dedi: “1991 yildan boshlab Qirg‘izistonning yangi tarixi boshlandi. Xalqimiz mustaqillik sari o‘ziga xos va juda murakkab yo‘ldan bordi”. U “afsuski, mustaqillikning ilk ikki o‘n yilligi Qirg‘iziston tarixiga yo‘qotilgan vaqt va umidlar oqlanmagan davr sifatida kirishi”ga izoh berdi. 

Davlat rahbari mamlakat janubidagi iyun fojiasidan so‘ng jamiyatdagi tushkun kayfiyat yanada kuchayganini tan oldi. “Shu bois Qirg‘izistonni qayta tiklashga yo‘l ochish uchun hamma narsaga ishonchini yo‘qotgan qirg‘iz xalqida avval yaxshi hayotga umid uyg‘otish kerak bo‘ldi. Bu qiyin kechdi. Biroq o‘tgan 6 yildan keyin - bugun men ishonch bilan shuni ayta olamanki, biz birgalikda buning uddasidan chiqdik! Qirg‘iziston davlat sifatida qaror topdi!”, - deya xulosa qildi Almazbek Atambayev. 
 

Mavzuga oid
Top