15:18 / 31.08.2016
34193

Mustaqillik kunidagi mushakbozlik boshqa kunga ko‘chirildi

O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 25 yilligiga bag‘ishlanib 1 sentabr kuni o‘tkaziladigan bayram tantanalari va xalq sayllari vaqtida mushakbozlik qilinmaydi. Toshkent shahri hokimiyati bergan xabarga ko‘ra, mushakbozlik boshqa kunga ko‘chirilgan.

Xabarda ma'lum qilinishicha, bu qaror shu kuni soat 20:00da JCh-2018 saralashi doirasida O‘zbekiston va Suriya terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv boshlanishi bilan bog‘liq. Bu o‘yin «Bunyodkor» stadionida o‘tkaziladi va unga 35 mingdan ortiq muxlis tashrif buyurishi kutilmoqda.

«Hamshaharlarimizning bog‘ va maydonlardagi bayram sayllaridan o‘z uylariga qaytishlari chog‘ida avtotransport oqimida tirbandliklarning oldini olish maqsadida, qolaversa  poytaxtimiz keng jamoatchiligi, ayniqsa nuroniy otaxon va onaxonlar, oqsoqollarning taklif va istaklaridan kelib chiqib, Toshkent shahar hokimligi O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligi bayrami munosabati bilan o‘tkazilishi rejalashtirilgan mushakbozlik(salyut otish)ning boshqa kunga ko‘chirilganini ma'lum qiladi», deyilgan xabarda.

Mushakbozlik qaysi kunga ko‘chirilgani haqida ma'lum qilinmagan.

Top