18:34 / 31.08.2016
12304

Osiyoning eng boy kishisi Jyek Ma baxtli hayot haqidagi fikrini bildirdi

Xitoyning Alibaba (AliExpress, Taobao va boshqalar) xoldingi asoschisi va rahbari Jyek Ma “o‘rta tasnif”dagi kishilar millionerlarga qaraganda ancha baxtli yashaydi, deb hisoblaydi. U kompaniya xodimlari bilan o‘tkazilgan ichki uchrashuvda shunday fikr bildirgan. Bu haqida Techinasia ma'lum qildi. 

Maning taxminlariga ko‘ra, baxtli hayot kechirish uchun oyiga 3 ming dollardan 6 ming dollargacha daromad yetarli bo‘ladi. Uning fikricha, bunday maosh oluvchi kishilar o‘zlariga kichik uy, mashina xarid qilishlari va oila yurgizishlari mumkin bo‘ladi. 

“Mana shunday baxtli hayotdan yaxshisi yo‘q”, - qo‘shimcha qildi Ma.
 
U millionerlarning hayotida muammolar ko‘p bo‘lishidan ogohlantirdi. “Bir necha millionni qo‘lga kiritganingizdan keyin muammolar yog‘ila boshlaydi”, - deya ishontirdi Alibaba asoschisi. 

2016 yilning iyunida Ma Alibaba’ni yaratganidan so‘ng “tinch hayoti yo‘qqa chiqqan”ini aytdi. “Men o‘zim uchun yashamoqchiman, hayotdan zavq olib yashashni istayman”, - deydi u. 

“Agar menga yana bir hayot berilganda edi, hech qachon bunday biznes bilan shug‘ullanmasdim... Men dunyoning biror bir mamlakatiga borib, u yerda xotirjam vaqt o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘lishni istayman. Biznes haqida gapirgim kelmaydi, ishlashni ham xohlamayman”, - dedi Ma. 

2016 yilning aprelida Jyek Ma Osiyoning eng badavlat kishisi nomini qaytarib oldi. O‘sha payt uning boyligi 33 milliard dollardan oshgandi. 12 avgustda bu ko‘rsatkich 34 milliard dollardan yuqorilab ketdi. 


 

Top