16:45 / 01.09.2016
44148

Andijonda bayram tantanalari davomida Rio chempionlari mukofotlandi

Bugun O‘zbekistonning barcha go‘shalarida bayram shukuhi hukm surmoqda. Eng ulug‘, eng aziz bayram kunida Andijonda ham ko‘plab tantanalar bo‘lib o‘tdi.

Viloyat markazida Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida o‘tkazilgan Olimpiada bahslarida chempionlikni qo‘lga kiritib, jahonning eng nufuzli sport musobaqasida yurt bayrog‘ini yuqorilarga ko‘targan Hasanboy Do‘smatov va Ruslan Nuridinovni sharaflash tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Anjumanda keng jamoatchilik vakillari, faol yoshlar ishtirok etishdi. Tadbirda so‘z olgan viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov yig‘ilganlarni Mustaqillikning 25 yillik bayrami bilan tabriklab, chempionlarni erishgan g‘alabalari bilan qutladi.

Hasanboy Do‘smatov va Ruslan Nurudinov o‘zlari erishgan yutuqlar sportga bo‘lgan yuksak e'tibor natijasi ekanini ta'kidlab o‘tishdi. Har ikki chempionga viloyat hokimi sovg‘asi “Chevrelot Gentra” avtomashinalarining kalitlari topshirildi.

Bugun shuningdek, Andijon shahrining Soy dahasida yangi qiyofadagi Abdulhamid Cho‘lpon nomi bilan ataluvchi madaniyat va istirohat bog‘i hamda yangi Mustaqillik ko‘chasining ochilish marosimlari bo‘lib o‘tdi.

Elmurod Ermatov, Andijon

Top