01:17 / 03.09.2016
69772

Nazarboyev: Do‘stimni yo‘qotib motamdaman

Arxiv surat

Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev O‘zbekiston respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Nig‘matulla Yo‘ldoshevga mamlakat prezidenti Islom Karimovning vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirib, telegramma yo‘llagan.

Telegrammada Nazarboyev bu xabardan chuqur qayg‘uda ekanini bildirgan. 

"Qozog‘istonliklar o‘zbekistonlik birodarlari bilan bu bevaqt dardni baham ko‘radi. Men qariyb 30 yil yonma-yon ishlaganim do‘stimni yo‘qotganimdan qattiq qayg‘udaman", — deyilgan telegrammada.

Nursulton Nazarboyev O‘zbekiston iqtisodiy salohiyatini rivojlantirishga, uning jahon miqyosidagi nufuzini oshirishga, jamiyat farovonligini oshirishga yordam bergan keng miqyosli o‘zgarishlarning amalga oshirilishi Islom Karimov nomi bilan bog‘liqligini alohida qayd qilib o‘tdi.

"U butun umrini o‘z xalqiga xizmat qilishga bag‘ishladi va hamisha Qozog‘istonning sodiq do‘sti bo‘lib qoldi. U xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlashga katta hissa qo‘shdi. Uning yorqin xotirasi barchamizning qalbimizda abadiy qolajak", — deyilgan telegrammada.

Qozog‘iston rahbari Islom Karimovning oilasi va yaqinlariga, shuningdek O‘zbekiston xalqi va hukumatiga chuqur hamdardlik izhor etgan.
 

Top