20:50 / 05.09.2016
7504

Meizu 6 dyuymli Max planshetofonini taqdim etdi

Meizu nihoyat eng ko‘p kutilayotgan qurilmalardan biri - Max plashetofonini namoyish qildi. U 6 dyuymli IPS-displey va mPen stilusi bilan ta'minlangan. 

Max — ishlab chiqaruvchining eng yirik smartfoni, u 6,44 dyuymli Xiaomi Mi Max bilan raqobatlasha oladi. Meizu smartfoni o‘zining qulay hajmi tufayli kundalik foydalanishda ancha qulay. 

Qurilma alyumin korpusga ega. Planshetofonning o‘lchamlari: 163,4 × 81,6 × 7,9 mm, vazni esa - 189 gramm. Orqa qopqog‘ida 13 megapikselli Sony IMX258 kameraning moduli hamda ishlab chiqaruvchining logotipi joylangan. Boshqa xitoylik ishlab chiqaruvchilardan farqli o‘laroq, Meizu'da barmoq izlari skaneri old tomonda ekran ostida. Ekran tepasida esa 5 megapikselli kamera o‘rnatilgan. 

Meizu Max 8 yadroviy MediaTek Helio protsessori va 3 Gb operativ xotiraga ega. O‘rnatilgan xotira qurilmasi hajmi 32 yoki 64 Gb'dan iborat, bundan tashqari xotira kartalarini qo‘llab-quvvatlaydi. Smartfon 4G LTE, VoLTE va ikkita sim-kartaga mo‘ljallangan darchaga ega. Uning avtonom faoliyati uchun 4 100 mAch'li akkumulyator mas'ul. Operatsion tizim sifatida Android 6.0 Marshmallow qo‘llaniladi. 

Meizu Max sotuvga to‘rt xil rangda chiqariladi: kulrang, kumushrang, tillarang va pushti. Smartfon bahosi -  270-290 dollar (xotira hajmiga qarab). Yangi smartfon sotuvi 12 sentabr kuni Xitoyda yo‘lga qo‘yiladi, oktabrda esa - Rossiyada. 

 

Mavzuga oid
Top