Avtomobil yo'llari qurilishi sohasida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish va shuning asosida O'zbekiston milliy avtomagistralini, umumrespublika va mahalliy ahamiyatdagi avtomobil yo'llarini istiqbolda rivojlantirish loyihalarini amalga oshirish talablari hamda vazifalarini hisobga olgan holda respublikaning loyiha, qurilish va yo'ldan foydalanish tashkilotlarining yuqori malakali muhandis kadrlarga nisbatan ortib borayotgan talab-ehtiyojlarini ta`minlash maqsadida O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil  26 avgustdagi PQ–2580 sonli qarori e`lon qilindi. Unga ko'ra, Toshkent avtomobil yo'llari institutini Toshkent avtomobil yo'llarini loyihalashtirish, qurish va foydalanish instituti etib qayta tashkil qilindi.

Quyidagilar Toshkent avtomobil yo'llarini loyihalashtirish, qurish va foydalanish institutining asosiy vazifalari etib belgilandi:

avtomobil yo'llari hamda boshqa muhandislik yo'l inshootlarini loyihalashtirish va qurish, qurilishda yangi materiallar va texnologiyalarni tatbiq etish, konstruksiyalar mustahkamligini va energiya samaradorligini oshirish, materiallar hajmini kamaytirish bilan bog'liq bo'lgan, shuningdek, yer usti transport tizimlari logistikasi, ularni tashkil etish hamda ulardan foydalanish borasidagi yo'nalishlar bo'yicha ilg'or jahon tajribasi va texnologiyalarini chuqur o'rganish;
mahalliy materiallardan keng foydalanish, yo'l qurilishi hamda yo'l-qurilish texnikasi va transport tizimlaridan foydalanishning zamonaviy texnologiyalarini joriy etishni hisobga olgan holda, avtomobil yo'llari, tonnellar, ko'priklar va yo'l o'tkazgichlar puxta ishlashini ta`minlashga yo'naltirilgan amaliy ilmiy tadqiqotlar va ishlanmalar olib borishga, tematik ishlarni bajarishga talabalar va professor-o'qituvchilarni keng jalb qilish;
qo'shma ta`lim dasturlari, ilmiy loyihalarni amalga oshirish, zamonaviy ta`lim dasturlarini tatbiq etish va ilmiy-ta`lim jarayoniga xorijiy mutaxassislarni jalb qilish maqsadida chet ellardagi yetakchi turdosh (ixtisoslashgan) oliy ta`lim muassasalari va ilmiy markazlari bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirish.

Shuningdek yetakchi ta`lim va ilmiy markazlar, tashkilotlar va korxonalarning, shu jumladan xorijiy mamlakatlarning eng tajribali, yuqori malakali mutaxassislarini o'quv jarayoniga shartnoma asosida jalb etilishi ta`kidlangan. 

Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O'zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. Mirziyoyev zimmasiga yuklatildi.