15:53 / 06.09.2016
8087

Inha universiteti va “Asaka” ATB o‘rtasida memorandum imzolandi

Toshkent shahridagi Inha universiteti (IUT) va “Asaka” aksiyadorlik tijorat banki (ATB)  bugun o‘zaro anglashuv to‘g‘risidagi memorandumni imzolashdi. Bu haqida Toshkent shahridagi Inha universitetining rasmiy saytida ma'lum qilindi. 

Imzolash marosimi ikki tashkilotning vakillari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida Toshkent shahridagi Inha universiteti binosida bo‘lib o‘tdi. Memorandumni Toshkent shahridagi Inha universiteti rektori Sherzod Shermatov va “Asaka” aksiyadorlik tijorat banki Boshqaruv raisi  Azim Ahamdxo‘jayev imzolashdi.

Memorandum doirasida tomonlar bir qancha yo‘nalishlar bo‘yicha o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirishmoqda. Shunday yo‘nalishlardan biri Toshkent shahridagi Inha universitetining iqtidorli talabalari uchun grantlar dasturi bo‘ladi. “Asaka” aksiyadorlik tijorat banki Toshkent shahridagi Inha universitetining iqtidorli talabalari uchun bakalavriat va magistraturadagi o‘qishlari davomida grantlar taqdim etadi.  

Tomonlar shuningdek, bank sohasida innovatsion yechimlarni tatbiq etish bo‘yicha hamkorlikdagi loyihalarni amalga oshirish, mobil banking va internetni rivojlantirish, bank faoliyatida biznes-jarayonlarni optimallashtirish va  boshqaruv yechimi sifatlarini oshirish maqsadida biznes jarayonlar reinjiniringi (BPR) bo‘yicha uslubiyotlarni joriy etish va BI-tizimlarni (Business intelligence) tatbiq etish borasida ham hamkorlik qilishadi.

Ikki tashkilot bank sohasida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini kompleks tatbiq etish va ulardan samarali foydalanish bo‘yicha bank xodimlarini o‘qitish va malakasini oshirish bo‘yicha ham hamkorlik qilishga kelishib olishdi. 
 

Top