14:34 / 06.09.2016
222989

Shavkat Mirziyoyev Putinning Samarqandga tashrifiga izoh berdi

O‘zbekiston hukumati rahbari Shavkat Mirziyoyev Rossiya prezidenti Vladimir Putinga shaxsan Samarqandga tashrif buyurgani uchun minnatdorchilik bildirdi

Rossiya O‘zbekiston uchun strategik hamkor va ittifoqchi bo‘lgan, endilikda bu faoliyat davom ettiriladi, deya Shavkat Mirziyoyev so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda «Sputnik» agentligi. 

RF prezidenti Vladimir Putin 6 sentabr kuni G20 sammitida ishtirok etib qaytishda Samarqandga kirgandi. 

U, Islom Karimov vafoti munosabati bilan unga ta'zim bajo keltirish maqsadida O‘zbekistonga kelgan. 

«Sizning bugungi tashrifingiz ko‘p narsani anglatadi va biz juda minnatdormiz. Bu bizning boshimizga tushgan og‘ir musibatli damlarda haqiqiy do‘stning yelkama-yelka turishini anglatadi», — degan O‘zbekiston bosh vaziri Putin bilan uchrashuvda. 

Mirziyoyev, shuningdek, RF bosh vaziri Dmitriy Medvedevning tashrifi uchun ham minnatdorchilik bildirgan. 

«Biz kecha Xitoyda bergan intervyungizni ko‘rib, hurmatli Islom Abdug‘aniyevich haqida so‘zlagan ijobiy fikrlaringizni eshitdik. Siz aytgandek, o‘tgan yillar davomida O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida o‘zaro aloqalarning jiddiy tuzilmasi shakllangan», — deb ta'kidlagan Mirziyoyev.

Respublika bosh vazirining ta'kidlashicha, O‘zbekistonning Rossiya bilan aloqalari «strategik hamkorlik va ittifoqchilik maqomida bo‘lgan va shunday bo‘lib qoladi».

«Sizning O‘zbekistonga shunday og‘ir damlarda kelishingiz, hurmatli prezidentimiz va o‘zbek xalqiga shaxsiy munosabatingiz qanday ekanini bildiradi. Bugun Toshkentda ham, Samarqand va mamlakat bo‘ylab sizning tashrifingizni faxr bilan tilga olishmoqda», — degan O‘zbekiston hukumati raisi. 
 

Top