16:25 / 08.09.2016
138461

O‘zbekiston prezidenti vazifasini vaqtincha bajaruvchi tayinlandi

2016 yil 8 sentabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a'zolari, taklif etilgan Vazirlar Mahkamasi a'zolari, vazirliklar va idoralar rahbarlari, boshqa tashkilotlarning, ommaviy axborot vositalarining vakillari ishtirokida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qo‘shma majlisida “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vazifa va vakolatlarini bajarishni vaqtincha yuklash to‘g‘risida”gi masala ko‘rib chiqildi.

Qo‘shma majlis davomida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi N.T.Yo‘ldoshev O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M.Mirziyoyevning davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarida rahbarlik lavozimlaridagi ko‘p yillik tajribasini, aholi o‘rtasidagi hurmat-e'tiborini inobatga olgan holda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifa va vakolatlarini bajarishni uning zimmasiga vaqtincha yuklash maqsadga muvofiqligi to‘g‘risidagi taklif bilan murojaat qildi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi N.T.Yo‘ldoshevning mazkur taklifi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashi tomonidan ma'qullanganligi ma'lumot uchun qabul qilindi.

Siyosiy partiyalar fraksiyalari rahbarlari, deputatlar va senatorlar hozirgi sharoitda barqarorlikni saqlash, jamoat xavfsizligini va huquq-tartibotni ta'minlash, mamlakatni rivojlantirishning eng muhim siyosiy 
va ijtimoiy-iqtisodiy masalalarini samarali hal etish zarurligini e'tiborga olib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi N.T.Yo‘ldoshevning taklifini qo‘llab-quvvatladilar.

Majlis yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vazifa va vakolatlarini bajarishni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M.Mirziyoyev zimmasiga vaqtincha yuklash to‘g‘risida qo‘shma qaror qabul qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasiga «O‘zbekiston Respublikasi  Prezidenti saylovi to‘g‘risida»gi Qonunga to‘liq muvofiq holda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi o‘tkazilishini tashkil etish tavsiya qilindi.

2 sentabr kuni O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov 78 yoshida insult tufayli vafot etdi. Marhum 3 sentabr kuni Samarqandda dafn etildi. Dafn marosimini tashkil etish komissiyasiga Shavkat Mirziyoyev rahbarlik qildi.

O‘zbekiston bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev 1957 yilda tug‘ilgan, 1981 yilda Toshkent irrigatsiya va melioratsiya institutini tamomlagan. 

1992-1996 yillarda Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanida hokim lavozimida ishlagan.

1996-2001 yillarda Jizzax viloyati hokimi, 2001-2003 yillarda Samarqand viloyati hokimi sifatida faoliyat ko‘rsatgan. 

2003 yilning 11 dekabridan respublika bosh vaziri. 2005 yilning 28 yanvarida yangi chaqirilgan Oliy Majlisda lavozimiga qayta tayinlangan. 2015 yilning yanvaridagi parlament saylovlari yakunlariga ko‘ra yana O‘zbekiston hukumati rahbarligiga tayinlangan.

Mavzuga oid
Top