17:12 / 09.09.2016
21537

Filippin prezidenti yana bir marta tiliga erk berdi

Filippin prezident Rodrigo Duterte davlat rahbari lavozimiga saylanganiga ko‘p bo‘lmaganiga qaramay, o‘zining so‘kong‘ich prezident ekanini bir necha bor namoyish etishga ulgurdi. U, o‘tgan haftada Amerika prezidenti Barak Obamani qattiq haqoratlagan bo‘lsa, endi BMT bosh kotibi Pan Gi Mun shaxsiyatiga hujum uyushtirdi, deb xabar qilmoqda Frans Press agentligi.

Avvalroq, Duterte AQSh prezidenti Barak Obamani "fohishaning o‘g‘li" deya tahqirlagan edi. 

9 sentabr kuni Dutertening aytishicha, putangina iborasini jiddiy qabul qilish kerak emas. Prezident fikricha, "bu barcha qo‘llaydigan oddiy so‘z birikmasidir". Duterte bu ibora "fohishaning o‘g‘li" ma'nosini anglatmasligini aytib, fikrining isboti o‘laroq, ikkita misol keltirgan. Shu bilan birga, uning haqorati Obama sha'niga emas, Dutertening jinoyatchilikka qarshi kurash kampaniyasida inson huquqlari masalasini ko‘targan AQSh davlat departamentiga qaratilganini qayd etgan. 

"Mening bunday tahdidlardan jahlim chiqdi... Bu AQSh davlat departamentidagi ahmoqlarning aybi", — deya Duterte so‘zlarini keltiradi Frans Press.

Duterte 9 sentabr kuni Pan Gi Munni ham o‘zining bisotidagi haqorat so‘zlari bilan siylab, uni "ahmoq" deb atagan. BMTning inson huquqlari buzilishiga oid bayonoti Dutertega shunday salbiy ta'sir ko‘rsatgan. 

"Men o‘zimga-o‘zim  –ana yana bitta ahmoq dedim. Men jinoyatchilarga qarshi kurashimni davom ettiraman. Men ularga achinmayman", — degan Duterte bosh kotib haqida. 

"Men tupurdim hammasiga. Men Filippin prezidentiman. Xalqaro hamjamiyat respublikasining emas", — deya qo‘shimcha qilgan Rodrigo Duterte. 

Top