04:57 / 10.09.2016
51416

Dunyodagi eng xavfli hayvonlar ro‘yxati e'lon qilindi

BMT dunyoning eng xavfli hayvonlari ro‘yxatini taqdim etdi. Ularning aksariyati insonga halokatli kasalliklarni yuqtirishi mumkinligi bilan xavflidir. 

BMT ro‘yxatiga ko‘ra, birinchi o‘rinni chivinlar egalladi. Ularning dastidan bir yilda 750 000 nafar kishi hayotdan ko‘z yumadi. Chivinlar shunisi bilan xavfliki, ular odamga bedavo kasalliklarni yuqtiradi. 

Ikkinchi o‘rinda inson qayd etilgan. Bir yilda 437 000 kishi odamzotning aybi bilan halok bo‘ladi. 

Inson hayotiga tahdid soluvchi hayvonlar ro‘yxatida uchinchi o‘rin ilonlarga berildi. Bir yilda 100 000 kishi ilon hamlasi tufayli jon beradi. 

Itlar to‘rtinchi o‘ringa loyiq ko‘rildi. Ularning dastidan har yili 35 000 kishi halok bo‘ladi. 

Shunisi diqqatga sazovorki, eng xavfli jonivorlar ro‘yxatining beshinchi o‘rnida kutilmaganda chuchuk suv chig‘anog‘i (shilliqurti) nomi qayd etildi. Uning aybi bilan har yili 20 000 kishi hayot bilan vidolashadi.  Bu mavjudot shistosomoz kasalligini yuqtiradi va bu o‘limga olib keladi. 

Ulardan keyingi o‘rinda triatom kloplari (Shagas kasalligi qo‘zg‘atuvchisi) va tsetse pashshalari (letargik ensefalitni qo‘zg‘atadi) nomlari keladi. Kloplardan yiliga 12 000 kishi vafot etadi, tsetse pashshalardan esa - 10 000. Askaridlar bir yilda 4 500 kishining hayotiga zomin bo‘ladi, timsohlar - 1 000, tasmasimon chuvalchanglar esa - 700. 

Dunyoning eng xavfli hayvonlari ro‘yxatidan, shuningdek suyagirli fillar, sherlar, bo‘rilar va akulalar o‘rin olgan. 

 

Top