14:32 / 13.09.2016
5112

Qatar Yamanda 3 nafar harbiysi halok bo‘lgani haqida ma'lum qildi

Qatar Saudiya Arabistoni boshchiligidagi xalqaro koalitsiya tarkibida Yamandagi harbiy harakatlarda ishtirok etayotgan 3 nafar harbiy xizmatchisi halok bo‘lgani haqida ma'lum qilgan. Bu haqda KUNA agentligi Kuvaytdagi harbiy manbasiga asoslangan holda xabar tarqatgan.

"Biz o‘z burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan yefreytor Muhammad Avad Salim hamda oddiy askarlar Muhammad Dovud Xayyal va Muhammad Nosir Muhammadning o‘limi munosabati bilan chuqur ta'ziya bildiramiz", deyilgan xabarda.

Yaman hukumati va shialardan iborat isyonchi husiylar o‘rtasidagi qarama-qarshiliklar 2014 yilning avgustida avj olgandi. 2015 yilning yanvarida isyonchilar poytaxt Sanoni egallashdi va hukumat janubdagi port shahri Adanga chekindi. 2015 yilning mart oyi oxirida esa Saudiya Arabistoni va boshqa ittifoqchi arab davlatlari koalitsiya tuzib, Yamanning qonuniy hukumatini qo‘llab-quvvatlagan holda harbiy harakatlarga qo‘shildi.

BMT ma'lumotlariga ko‘ra, o‘tgan vaqt ichida olib borilgan harbiy harakatlar natijasida 10 mingdan ortiq kishi halok bo‘lgan, tinch aholi vakillari o‘rtasida halok bo‘lganlar soni esa 3,7 ming nafardan ortiq kishini tashkil qilgan.

Top