20:42 / 13.09.2016
10182

Oq uy yaqinida Donald Trampning mehmonxonasi ochildi

AQSh prezidentligi uchun Respublikachilar partiyasidan nomzod bo‘lmish Donald Tramp Vashingtondagi Oq uy yaqinida mehmonxona ochdi. Bu haqda Reuters xabar tarqatgan.

Trump International Hotel mehmonxonasi ko‘hna bino o‘rnida joylashgan. Ta'mirlash ishlari 2 yil davomida olib borilgan. Bu ishlar uchun 200 mln dollar sarflangan. Mehmonxonada mijozlar uchun 263ta xona mavjud. Bunday xonalarning eng qimmatbahosini bir kunga band etish 20 ming dollar turadi.

Mehmonxonaning ochilish marosimi vaqtida hudud yaqinida 40 nafar atrofidagi kishi namoyish uyushtirib, Trampni tanqid qilishgan. Ular siyosatchining Meksika bilan chegarada muhojirlarga qarshi devor barpo etish g‘oyasiga e'tiroz bildirib chiqishgan.

AQSh hukumati bilan muzokaralardan keyin Trampning qizi Ivanka Trampga tarixiy bino 60 yillik lizing bilan taqdim etilgan. Ivanka Tramp ta'mirlash ishlari va bino dizayni bilan shug‘ullangan.

Binoning asosiy ochilish marosimi oktabr oyida o‘tkazilishi belgilangan.

Top