11:10 / 14.09.2016
3993

Indoneziya o‘z atrofidagi suvlarda terrorchi va qaroqchilarga qarshi patrullik qilishni boshlaydi

Indoneziya harbiy-dengiz kuchlari joriy yilda sayyoradagi eng yirik arxipelag atrofidagi suvlarda qo‘shni davlatlar Singapur va Malayziya bilan hamkorlikda qaroqchilar va terrorchilarga qarshi patrullik qilishni boshlaydi. Bu haqda mamlakat mudofaa ishlari vaziri Riyamizard Ryachudu ma'lum qilgan.

"Men ishonamanki, biz shu yildayoq muvofiqlashtirilgan patrullik ishlariga kirishamiz. Yaqin vaqt ichida bu masalani muhokama etish uchun Malayziya mudofaa vaziri bilan uchrashaman", deya vazirning so‘zlarini keltirgan Jakarta Post nashri.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hamkorlikdagi patrullik Filippinning janubiy qismi, Indoneziya shimoli va Malayziyaning sharqiy qismi o‘rtasidagi suvlarni qamraydi.

Bundan tashqari, Indoneziya HDK kemalari kemalarning xavfsiz harakatlanishi uchun yangi marshrutlar tavsiya etadi.

Filippin nashrlari ma'lumotlariga ko‘ra, ayni vaqtda bu mamlakat janubida harakatlanadigan "Abu Sayyaf" guruhi Sulu tumanidan o‘nlab indoneziyaliklarni asirga olgan. Shuningdek, jangarilar qo‘lida Malayziyaning 5 nafar fuqarosi, 1 nafar niderlandiyalik hamda 4 nafar filippinlik qolmoqda.

O‘z navbatida Indoneziya va Malayziya oralig‘idagi hududda keyingi vaqtlarda tankerlar o‘g‘irlanishi bilan bog‘liq qaroqchilik holatlari paydo bo‘lgan.

Top