17:23 / 15.09.2016
39514

USAID bilan hamkorlikda uzum sayli va «Eng yaxshi uzum navi» tanlovi bo‘lib o‘tdi

Akademik Mahmud Mirzayev nomidagi Bog‘dorchilik va uzumchilik ilmiy-tadqiqot institutida AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID)ning umumiy qiymati 14 million AQSh dollariga teng, 5 yilga mo‘ljallangan yangi “Qishloq xo‘jaligida qiymat zanjirini rivojlantirish” (AVC) loyihasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqida ziyouz.uz nashri ma'lum qildi.

Mazkur tadbirda Amerika Qo‘shma Shtatlari elchisi Pamela Spratlen,  Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, M.Mirzayev Bog‘dorchilik instituti, Toshkent agrar universiteti, fermerlar, xususiy agrobiznes kompaniyalari hamda xalqaro tashkilotlar vakolatxonalaridan ellikka yaqin vakillar ishtirok etdi.

Elchi Spratlen xonim O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun meva-sabzavotchilikning muhimligini ta'kidlagan holda, bu loyiha bo‘yicha yaqindan hamkorlik uchun O‘zbekiston hukumatiga minnatdorlik bildirdi hamda shunday dedi: «2008 yildan beri USAID meva va sabzavotchilik sohasida O‘zbekistonning hamkori sanaladi. Ushbu hamkorlikni nishonlash uchun men uzum navlari ko‘rik-tanlovidan ortiq uslub yo‘q, deb o‘ylayman. Bu tanlov asl milliy boylik hisoblangan mahsulotlarning xilma-xilligi, sifati va mo‘l-ko‘lligini ko‘rsatadi».

AVC loyihasining faoliyati O‘zbekistonning 11 viloyati hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasining jami 33  tumanini o‘z ichiga olgan. Loyiha qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish sifati va miqdorini oshirish, hosil yig‘imidan keyingi amaliyotlar hamda ishlab-chiqarish tadbirlarini takomillashtirish, ichki va tashqi bozorlarda o‘zaro aloqalarni yaxshilashga ko‘maklashish, shuningdek, qishloq xo‘jaligi ta'lim muassasalarini xususiy sektor talablari bilan bog‘lashni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan.

An'anaviy uzum sayli doirasida “Eng yaxshi uzum navlari” ko‘rik-tanlovi bo‘lib o‘tdi, undan ko‘zlangan asosiy maqsad - soha bo‘yicha ma'lumot almashish, fermerlar uchun yangi mijozlarni jalb etish hamda o‘zaro hamjihatlikni ta'minlash bo‘ldi.

Ko‘rik-tanlovda Respublikamizning 33 tumanida yetishtirilgan ellikka yaqin uzum navlari namoyish etilib, “eng noyob”, “eng bozorbop”, “eng mayizbop” va ishtirokchi-mehmonlar tanloviga ko‘ra “eng sara” yo‘nalishlarida 12 xil uzum navlari aniqlandi. G‘olib fermerlarga tanlov tashkilotchilarining sovg‘alari taqdim etildi.

suratlar: ziyouz.com

Top