23:06 / 16.09.2016
10041

Honda Yevropaga mo‘ljallangan Civic xetchbekini taqdim qildi

Honda kompaniyasi Civic xetchbekining Yevropaga mo‘ljallangan versiyasini oshkor qildi. Avtomobilning ommaviy ilk namoyishi oktabrda Parij avtosalonida bo‘lib o‘tadi. Yangi model 2017 yil boshidan sotuvga chiqariladi. Model Britaniyaning Suindon shahrida yig‘iladi.

Sivic-xetchbek yaponlar shunday nomdagi sedan va kupeda qo‘llagan uslubda bajarilgan. Avtomobil ikki patrubkali tutun chiqarish tizimi, aerodinamik spoyler va o‘ziga tortuvchi bamperlar oldi. Salonda yangi o‘rindiqlar, 7 dyuymli sensor displey, ikkinchi avloddagi Connect axborot-ko‘ngilochar tizimi o‘rnatilgan.

Avtomobil yangi platformada qurilgan. Buning evaziga mashinaning og‘irligi 16 kg ga yengillashgan. Avtomobil uzunligi 4497 mm, eni 1800 mm ni, g‘ildiraklar bazasi 2700 mm ni tashkil qiladi. 

Yevropada modelning bazaviy versiyasi 127 ot kuchi va bir litr hajmga ega benzinli dvigatel bilan taklif qilinadi. Uch silindrli dvigatel 6 pog‘onali mexanik uzatmalar qutisi bilan birga ishlaydi. Motorlar qatoridan shuningdek 4 silindrli benzinli turbomotor ham joy olgan. Bu dvigatelning quvvati 180 ot kuchini tashkil qiladi. 

Keyinroq modelning kuchliroq Type R versiyasi ham paydo bo‘lishi mumkin. Norasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, bunday modifikatsiyali Civic xetchbeki 2,0 litrli va 300 ot kuchidan ko‘proq quvvatga ega dvigatel bilan jihozlanadi.

.

 

Mavzuga oid
Top