15:13 / 17.09.2016
38269

Ashxobodda ochilgan yangi aeroport Ginnesning rekordlar kitobidan joy oldi

17 sentabr kuni Turkmaniston poytaxti Ashxobodda 2 milliard dollardan ortiq mablag‘ sarflangan yangi aeroport ochildi. Bu haqida RIA "Novosti" xabar berdi

Uch terminalga (yo‘lovchi, VIP va yuk) ega aeroportning sig‘imi taxminan 2000 kishiga mo‘ljallangan. U har qanday turdagi samolyotni qabul qila oladi va xalqaro standartlarga binoan xizmat ko‘rsatishga qodir. Uchish-qo‘nish yo‘laklarining uzunligi - 3 800 metr. Aerovokzal majmui joylashgan hududning umumiy maydoni - 1 200 gektar. 

Aeroportning ochilish marosimida Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhammedov ishtirok etdi. Davlat rahbari eng zamonaviy aeronavigatsiya bilan jihozlangan yangi aeroport xalqaro savdo-iqtisodiy aloqalar rivojiga xizmat qilishini ta'kidladi. 

Asosiy yo‘lovchi terminal binosining tomida dunyoning eng katta hajmdagi gilam ko‘rinishidagi me'morchilik tasviri uchun yangi aeroportga Ginnesning rekordlar kitobidan sertifikat topshirildi. Ushbu "gilam"ning maydoni - 705 kvadrat metr.

Turkmanistondagi yangi aeroport bundan avval mamlakatdagi bir qator diqqatga sazovor inshootlarni qurgan Turkiyaning "Plimeks" kompaniyasi tomonidan bunyod etildi. 

Top