18:37 / 17.09.2016
22232

MDHning yubiley sammiti qanday o‘tdi?

2016 yil 16 sentabr, juma kuni Qirg‘iz Respublikasi poytaxti Bishkek shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligining 25-yubiley sammiti bo‘lib o‘tdi. Biroq, unda xalqaro tashkilotning 25-yilligini nishonlash hamda uni isloh qilish masalalarini muhokama etish uchun unga a'zo bo‘lgan 11 davlat rahbarlarining barchasi ham qatnashgani yo‘q. 

Shu bilan birga, Ukraina prezidenti Pyotr Poroshenkoning sammitda ishtirok etmagani rus-ukrain keskinligi mavjudligini anjuman qatnashchilariga eslatib qo‘yishga to‘sqinlik qilmadi. 

Qayd etish joizki, Bishkek shahri Hamdo‘stlikning chorak asrlik tarixida uchinchi marotaba uning sammitiga mezbonlik qildi. Mazkur anjumanni o‘tkazish uchun shaharda jiddiy tayyorgarlik ishlari olib borildi. «Ala-Archa» davlat qarorgohida o‘tov shaklida maxsus bino barpo etildi. U yerga yuzlab kilogramm qazi va losos go‘shtlari, o‘nlab kilogramm kamalak tusli forel va boshqa tansiq taomlar keltirildi. 

Qanchalik jiddiy tayyorgarlik ko‘rilmasin va harakat qilinmasin, sammitni o‘z vaqtida boshlashning imkoni bo‘lmadi. Bunga, Vladimir Putinning yetib kelishi kechikkani sabab bo‘ldi.  Uch mamlakat rahbarlari esa, sammitga o‘z vakillarini yubordi. 

Ukraina, Turkmaniston va Moldova rahbarlari odatdagidek, anjumanda qatnashishdan bosh tortishdi. Ukraina nomidan mamlakatning Qirg‘izistondagi elchisi ishtirok etgan bo‘lsa, Turkmanistondan bosh vazir o‘rinbosari tashrif buyurgan. MDHning yubiley sammitida Moldova bosh vaziri ishtirok etdi. 

Bundan tashqari, Moldova prezidenti anjumanda ishtirok etmagani barobarida, rasmiy Kishinyov MDHning 2017 yilgi raislik qilishdan ham bosh tortdi. Respublika byudjyetida xalqaro anjumanlar o‘tkazish uchun yetarli mablag‘lar mavjud emasligi vaj qilingan. Shu sabab, estafetani Moskva qabul qilib oldi. Bu ham aslida Hamdo‘stlik tarixida birinchi bor kuzatilayotgan hodisa emas. 2014 yili Ukraina mamlakat janubi-sharqida boshlanib ketgan fuqarolik urushi sabab sammitni o‘tkaza olmagan, o‘shanda Belarus Kiyev ma'muriyati joniga oro bo‘lgandi. 

Shuni ham alohida uqdirish lozimki, Ukraina va Turkmaniston shu paytga qadar Hamdo‘stlik nizomini imzolagani va tasdiqlagani yo‘q. Shunga ko‘ra, aslida bu mamlakatlar huquqiy jihatdan MDH a'zolari hisoblanmaydi. Rasmiy Kiyev bu borada o‘z maqomini muhokama ham etmaydi va a'zolik badallarini ham to‘lamaydi. 

O‘zbekiston rahbarining ishtirok etmasligini esa to‘g‘ri tushunish mumkin. Sammitda, O‘zbekiston prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev o‘rniga tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov qatnashgan. Respublikada prezidentlik saylovlariga jiddiy tayyorgarlik ko‘rilmoqda. 


 

Mavzuga oid
Top