Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atambayev sog‘ligida yuzaga kelgan muammo tufayli qisqa muddatli ta'tilga chiqdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmatiga asoslanib, TASS agentligi xabar tarqatgan.
Xabarda u tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun ta'tilga chiqqani qayd etilgan.
Eslatib o‘tamiz, 19 sentabr kuni Almazbek Atambayev BMT Bosh Assambleyasining 71-sessiyasida ishtirok etish maqsadida AQShga parvoz qilgan, Istanbulning Otaturk nomidagi aeroportiga qo‘nganida esa o‘zini noxush his qila boshlagandi.
Aeroportda u dastlabki ko‘rikdan o‘tkazildi va unda «yurak bilan bog‘liq muammo simptomlari» aniqlandi. Turkiyalik shifokorlar Atambayevga chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tishni tavsiya qildi.
U taxminan 1 oktabr kuni ishga chiqishi aytilgan.
«Prezident bugundan boshlab qisqa muddatli ta'tilga chiqdi, bu puxta tibbiy ko‘rikdan o‘tish zaruriyati bilan bog‘liq», — deyilgan matbuot xizmati xabarida.
Yuzaga kelgan muammo tufayli Qirg‘iziston prezidentining Nyu-Yorkka ishchi tashrifini bekor qilindi, u yerda u BMT Bosh Assambleyasi sessiyasida umumiy munozaralarda qatnashmoqchi edi.
Atambayev buyrug‘iga binoan BMT kengashida Qirg‘iziston delegatsiyasiga respublika tashqi ishlar vaziri Erlan Abdildayev boshchilik qiladi.