19:24 / 20.09.2016
17360

Zamonaviy O‘zbekistonga "virtual nazar"

O‘zbekistondagi noshirlik va axborot texnologiyalari sohasi yangi pog‘onaga qadam bosdi. O‘zbekistonlik dasturchilarning yangi loyihasi 360 gradus formatidagi panorama rasm va videolari yordamida butun respublika bo‘yicha virtual sayohat qilish imkonini beradi. 

O‘zbekiston mustaqilligi kuniga bag‘ishlab “Uzbekneftegaz360” mobil ilovasi taqdim etildi. Apple va Google’ning ilovalari qatorida bu dasturning chiqishi “O‘zbekneftegaz” Milliy xolding kompaniyasining “Farovonlik energiyasi: O‘zbekiston neft-gaz sohasining yangi tarixi” nomli loyihasi davomida amalga oshirildi. Loyiha doirasida O‘zbekistonning neft-gaz sohasidagi yutuqlari haqidagi kollektsion nashr hamda innovatsion mobil ilova ishlab chiqarildi.

Ilova yordamida respublika bo‘yicha 100dan ortiq panoramali video va rasmlarni tomosha qilish mumkin. Neft qazish va ishlab chiqarish obektlari bilan birga, foydalanuvchilar mustaqillikning 25 yillik davri davomida qurilgan ijtimoiy, madaniy-ma'rifiy va sport inshootlarini ko‘rish imkoniyatiga ega. Loyihaning taqdim etilishi mustaqillikning 25 yillik to‘yiga bag‘ishlangani bejizga emas. Mualliflar ilovaga zamonaviy O‘zbekistonning mutlaq noodatiy va noyob ko‘rinishlarini jamlagan.

Ilovadagi rasmlar ilk bor odatiy fotoapparatlar yordamida emas, balki 360 gradusli formatda tasvirga tushirish uchun mo‘ljallangan eng zamonaviy foto va videokameralar bilan olindi. Bu esa o‘z navbatida rasmlarning panorama uslubining tushunchasini yangilab, “mavjudlilik effekti”ni kuchaytirishga xizmat qildi. Tasvirlarni smartfon va planshetlarda odatiy holda yoki “virtual voqelik” (VR) usulida maxsus ko‘zoynaklar yordamida ko‘rish mumkin. Shuningdek, loyiha doirasida xolding belgilari tamg‘alangan maxsus kardbordlar ishlab chiqarilgan. Kross-platformali mobil ilova AppStore va PlayMarket’dan, yoki O‘zbekneftegazning rasmiy veb-saytidagi (www.ung.uz) maxsus QR-kod orqali yuklab olish mumkin.

Ushbu mobil ilova nafaqat O‘zbekiston, balki mintaqa bo‘yicha innovatsion, dunyo bo‘yicha esa respublika taqdimoti formatidagi birinchi virtual voqelik ilovasi bo‘ldi. Hozirgi paytgacha VR-ilovalar faqatgina reklama va tijorat maqsadlarida, masalan, BMW, Mercedes-Benz va shu kabi boshqa ko‘pmillatli kompaniyalarning buyurtmalariga asoslanib ishlab chiqarilgan.

Virtual voqelik (virtual reality, VR) yoki sun'iy voqelik – insonga uning tuyg‘ulari: ko‘rish, eshitish, hidlash, tegish orqali seziladigan, texnik vositalar yordamida yaratilgan dunyo (narsa va shaxslar). Virtual voqelik ta'sir ko‘rsatish va unga javob berishni taqlid qilib bera oladi.

“Uzbekneftegaz360” ilovasini yaratib, mualliflar mamlakatimizning bu sohadagi texnologik va innovatsion salohiyatini namoyish etishdi. “Dinara&Co.” nashriyot uyi jamoasi mutlaqo yangi formatdagi loyihalarga e'tiborni qaratadi va innovatsiyalarga investitsiya qilishga tayyor. Jamoa bu ilova nafaqat O‘zbekiston, balki butun dunyo bo‘yicha yangi marrani belgilab berishiga ishonadi. Shu bilan birga, loyiha mualliflari eng ilg‘or texnologiyalar yordamida mamlakat imidjini mustahkamlash va zamonaviy O‘zbekiston yutuqlari, salohiyatlari haqida obektiv ma'lumotlarni namoyish qilish ishlarini davom etadi (ettirishni maqsad qilib olganlar).

Eslatib o‘tamiz, “O‘zbekneftegaz” MXK yurtimizdagi eng katta xolding kompaniyasi hisoblanib, 128 mingdan ortiq ish joylariga ega 6 ta aksionerlik kompaniyasi va 200dan ziyod korxonalarni birlashtiradi. O‘zbekiston dunyo bo‘yicha eng ko‘p gaz qazib chiqaruvchi davlatlar o‘ntaligiga kiradi, bu yerda O‘rta Osiyodagi uglevodorodlar zaxirasining uchdan bir qismi joylashgan.

 

 

Top