14:44 / 22.09.2016
5194

AQSh harbiy samolyoti Okinava yaqinida qulab tushdi

AQSh Harbiy-havo kuchlariga tegishli bo‘lgan samolyot Yaponiyaning Okinava prefekturasi hududidagi suvlarga, qirg‘oqdan 130 km masofada qulab tushdi. Bu haqda The Daily Express xabar tarqatgan.

Nashr ma'lumotiga ko‘ra, bir o‘rinli shturmovik - AV8B Harrier II halokatga uchragan. Bu samolyot Kadendagi bazadan ko‘tarilib Okinavaga uchish vaqtida qulagan. Samolyot uchuvchisi katapulta qilingan, sohil bo‘yi xizmati uni suvdan chiqarib olgan.

Samolyot halokati sababi hozircha aniqlanmagan.

Okinava orolida Yaponiyadagi amerikalik harbiylarning asosiy bazasi joylashgan. Bu AQShning o‘z chegaralaridan tashqaridagi eng yirik harbiy bazasidir. Umumiy hisobda orolda 25 ming nafar amerikalik harbiy joylashtirilgan. Orolning 18 foizlik hududi amerikaliklarning obektlari uchun berilgan. Mahalliy aholi doimiy ravishda AQShning Okinavadan chiqib ketishini talab qilib, namoyishlar uyushtirib keladi.

Top