14:34 / 22.09.2016
4590

Sharlottdagi namoyishlar vaqtida 1 kishi otildi, shaharda favqulodda holat joriy etildi

AQShning Shimoliy Karolina shtatida qora tanli shaxs politsiya tomonidan otib o‘ldirilishi voqeasidan keyin boshlangan namoyishlar vaqtida namoyishchilardan biri o‘qotar quroldan jarohat oldi. Shahar gubernatori Patrik Makkrori bu voqeadan keyin favqulodda holat e'lon qildi.

«Gubernator Pet Makkrori Sharlott-Meklenburg politsiya bo‘limi boshlig‘i  Kerra Patnining so‘roviga binoan favqulodda holat joriy etdi. Gubernator Sharlottga Shimoliy Karolina milliy gvardiyasi bo‘limlari va yo‘l-patrul xizmati guruhlarini yordamga jo‘natishni so‘ragan», — deyiladi RIA Novosti xabarida.

The Boston Globe ma'lumotiga ko‘ra, to‘qnashuvlar vaqtida 7 politsiyachi ham jarohatlangan.

Dastlab, Sharlott politsiyasi boshlig‘i bir namoyishchining o‘limi haqida e'lon qildi, keyinroq shahar hukumati erkak og‘ir ahvolda kasalxonaga yotqizilganini aytdi. O‘q politsiyachi tomonidan emas, oddiy fuqaro tomonidan uzilgan.

Shahar hukumati bu chiqishlarni «qonunga qarshi to‘planish» sifatida baholamoqda va «o‘ldirmaydigan qurollardan foydalanishda» davom etilishini bildirmoqda.

Ko‘chalarga chiqqan yuzlab namoyishchilarga qarshi huquq-tartibot organlari xodimlari ko‘zdan yosh sizdiruvchi gaz va rezina o‘qlardan foydalanmoqda. 

Sharlottdagi noroziliklar 20 sentabr kuni politsiyachilar tomonidan afroamerikalik, 43 yoshli Keyt Skottning o‘ldirilishi tufayli boshlandi. Politsiya u to‘pponcha bilan qurollanib, ofitserning qurolni tashlash buyrug‘iga itoat qilmadi, deb hisoblaydi. Skottning oilasi va guvohlar so‘zlariga ko‘ra, uning qo‘lida o‘qotar qurol emas, kitob bo‘lgan.

U bu vaqtda farzandini maktabdan olib ketish uchun uni kutib turgandi.

Uning o‘ldirilishidan bir necha soat o‘tiboq shahar ko‘chalariga norozi guruhlar chiqa boshladi.

Mavzuga oid
Top