12:48 / 23.09.2016
8672

Abdulaziz Komilov IHTga a'zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari uchrashuvida qatnashdi

2016 yilning 22 sentabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 71-sessiyasi ishida ishtirok etish uchun Nyu-York shahriga tashrif buyurgan O‘zbekiston respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov boshchiligidagi delegatsiya Islom hamkorlik tashkilotiga a'zo davlatlar tashqi ishlar vazirlarining Muvofiqlashtiruvchi uchrashuvida ishtirok etdi. Bu haqda O‘zbekiston TIV sayti xabar bergan.

O‘zbekiston tomoni tashqi siyosat idoralari rahbarlariga 2016 yilning oktabr oyida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan IHT Tashqi ishlar vazirlari kengashining 43-sessiyasiga tayyorgarlik ko‘rish jarayoni haqida, jumladan muhokama qilinadigan masalalar hamda bo‘lajak forumning dasturi va boshqa amaliy jihatlari to‘g‘risida ma'lumot berdi.

IHT Tashqi ishlar vazirlari kengashining 43-sessiyasi 2016 yilning 18-19 oktabr kunlarida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadi.

Bundan oldingi xabarlarda Abdulaziz Komilov O‘zbekistonning IHT Tashqi ishlar vazirlari kengashiga raisligi davomida tashkilotga a'zo davlatlarning ilmiy-texnikaviy, savdo va investitsion hamkorligini rivojlantirish, terrorizm va ekstremizm g‘oyalariga qarshi kurashda jipslashish, hamda yadro qurolidan xoli hududlar geografiyasini kengaytirish, xususan Yaqin Sharqda yadro qurolidan xoli hudud yaratish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlash ustivor maqsadlar ekanligini bildirgani aytib o‘tilgandi.

IHT 1969 yilning sentabrida ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy sohalarda islom birdamligini ta'minlash uchun tuzilgan. 2011 yilga qadar tashkilot Islom konferensiyasi tashkiloti deb nomlangan. IHTga 57ta davlat a'zo hisoblanadi.

Top