12:23 / 23.09.2016
9079

Jizzax viloyatidagi «Yagona darcha» markazlari benzinda ishlaydigan generatorlar bilan ta'minlandi

Joriy yilning yanvar oyidan O‘zbekistonning barcha hududlarida tuman tadbirkorlik sub'yektlarini ro‘yxatga olish inspeksiyalari bazasida 194 ta «Yagona darcha» markazi faoliyatini boshlagan edi. Bugungi kunda markazlar ro‘yxatga olish va qayta ro‘yxatdan o‘tkazishni hisobga olmaganda, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'yektlariga 16 turdagi xizmatlarni ko‘rsatib kelmoqda.

Vazirlar Mahkamasi va BMTTDning hamkorlikdagi «Mahalliy boshqaruv tizimini qo‘llab-quvvatlash/2-bosqich» loyihasi doirasida Jizzax viloyatinining yetti tumanidagi «Yagona darcha» markazlari tadbirkorlarga uzluksiz xizmat ko‘rsatishni ta'minlash uchun benzinli generatorlar bilan ta'minlandi.

«Ba'zi holatlarda qo‘shimcha avtonom energiya manbasiga muhtojlik seziladi. Misol uchun, noqulay ob-havo va elektr tarmog‘ida ta'mirlash ishlari olib borilayotgan damlarda avariya quvvat manbasiga ega bo‘lish juda muhimdir. Markazimizga o‘rnatilgan benzinda ishlaydigan elektrgenerator esa ish xonasida yorug‘lik bo‘lishi, 5ta kompyuter, printer va skaner uskunalarining mutassil ishlashini ta'minlaydi. Bu esa bizga vaqtincha elektr quvvati o‘chgan holatda ham o‘z xizmatlarimizni uzluksiz amalga oshirish va hujjatlarni rasmiylashtirishda juda katta qulaylik yaratadi», deya qayd etgan Mirzacho‘l tuman „Yagona darcha“ markazi rahbari Abdusattor Shabbazov.

Xabar qilinishicha, Mirzacho‘l, Arnasoy, Zafarobod, Forish, G‘allaorol, Baxmal va Zomin tumanlaridagi «Yagona darcha» markazlari shunday generatorlar bilan ta'minlangan. Markazlarga energiyani tejash uchun yorug‘lik diodli lampalar ham o‘rnatiladi.

Top