12:55 / 24.09.2016
8476

“Manchester Yunayted” – “Lester”, “Arsenal” – “Chelsi” va dam olish kunlari o‘tkazib yuborib bo‘lmas o‘yinlar

23-24 sentabr kunlari Yevropada milliy chempionat o‘yinlari davom ettiriladi. Futbol muxlislarini bir qator qiziqarli o‘yinlar kutmoqda. 

APL. “Manchester Yunayted” – “Lester” (Shanba, 24 sentabr. “Match TV”, “Match!”, “Futbol 1”. 16:30)

APL 6-turining markaziy uchrashuvlaridan biri Manchester shahrida bo‘lib o‘tadi. “Manchester Yunayted” amaldagi chempion “Lester”ni qabul qiladi. Avgust oyida bu jamoalar Angliya Superkubogida o‘zaro to‘qnash kelishgan edi. O‘shanda “mankunianliklar” 2:1 hisobida g‘alaba qozonib,  kubokni Manchester shahriga olib ketgandi. Endilikda ular chempionatda o‘zaro to‘qnash keladi. Joze Mourino shogirdlari APLning ortda qolgan ikkita o‘yinida mag‘lubiyatga uchragan edi. “Lester” esa avvalgi turda uyda “Bernli” ustidan 3:0 hisobida g‘alaba qozondi. “MYu” oxirgi turdagi omadsizliklardan so‘ng tanqidlar ostida qoldi. Bugungi o‘yinda Joze Mourino jamoasi avvalgi turdagi mag‘lubiyatlar shunchaki tasodif bo‘lganligini amalda isbotlashi talab qilinadi. “Lester” esa asta-sekin o‘z o‘yinlarini namoyish qila boshlamoqda. 

RFPL. “TsSKA” – “Krasnodar” (Shanba, 24 sentabr. “Match TV”, “Nash futbol”. 19:00)

Bosh murabbiysiz qolgan “Krasnodar” oxirgi uchta o‘yinda faqat g‘alaba qozondi. TsSKA esa chempionatni yaxshi boshlagan va hozirda 2-o‘rinda bormoqda. Biroq klub Rossiya Kubogidan chiqib ketdi. Endilikda moskvaliklar bor e'tiborlarini chempionatga qaratishlari tabiiy. Umuman olganda, bir-biriga munosib raqiblar to‘qnashadi. Chunki ular shu kunga qadar chempionatda 12 bor o‘zaro bahs yuritgan. Ulardan beshtasida moskvaliklar g‘alaba qozongan bo‘lsa, to‘rtta bahsda “Krasnodar” ustunlik qilgan. Uchta o‘yinda tomonlar murosa ko‘chasini tanlashgan. 

APL. “Arsenal” – “Chelsi” (Shanba, 24 sentabr. “Match TV”, “Match!”, “Futbol 1”. 21:30)

London derbisining navbatdagi to‘qnashuvi. “Arsenal” doimiy raqibi bo‘lgan “Chelsi”ga qarshi bahs yuritadi. Ikki jamoa ayni paytda turnir jadvalida yonma-yon turibdi. Antonio Konte “Chelsi”ni qabul qilganidan so‘ng jamoa tubdan o‘zgardi. To‘g‘ri, “aristokratlar” avvalgi turda “Liverpul”ga imkoniyatni boy bergan bo‘lishiga qaramay, chempionatni yaxshi boshlagan. “Arsenal” ham turdan-turga natijalarini yaxshilamoqda. Ikki jamoaning o‘yinlar statistikasiga nazar solsak, ustunlik “Arsenal”da ekanligini ko‘rish mumkin. “To‘pchilar” 72 bor “Chelsi”ni mag‘lub qilgan. “Chelsi” esa azaliy raqibidan 61 o‘yinda ustun kelgan. 

RFPL. “Rostov” – “Lokomotiv” (Shanba, 24 sentabr. “Match TV”, “Nash Futbol”. 23:30)

Vitaliy Denisov to‘p surayotgan “Lokomotiv” jamoasi bu turda “Rostov” mehmoni bo‘ladi. Bu uchrashuvning ahamiyati bor. Denisov “Rostov” hujumchisi Serdar Azmunga qarshi o‘ynaydi. Mazkur o‘yin orqali Denisov 6 oktabrda Eronga qarshi bo‘ladigan bahs oldidan Azmunning imkoniyatlarini chamalab oladi. “Rostov” chempionatning ortda qolgan yettita turida uch bor g‘alaba qozondi va shuncha o‘yinda mag‘lubiyatga uchradi. Yana bir o‘yinda durang qayd etdi. “Lokomotiv” esa bor-yo‘g‘i bitta uchrashuvda g‘alaba qozonishning uddasidan chiqdi. “Temiryo‘lchilar” mavsumni ishonchsizroq boshladi. “Rostov”ga qarshi bahs ularning ishonchlarini qaytarish mumkin.

A Seriya. “Fiorentina” – “Milan” (Yakshanba, 25 sentabr. “Match!” “Futbol 2”, 23:45)

Vintsenso Montella “Milan” boshqaruvida o‘zining sobiq jamoasi “Fiorentina”ga qarshi o‘ynaydi. Ertaga bo‘lib o‘tadigan uchrashuvda ikki jamoaning ham kuchlari deyarli teng. “Milan” mavsum startini yaxshi boshlagandi edi. Biroq avvalgi turlarda kutilmaganda “rossonerilar” ikki bor mag‘lubiyatga uchradi. “Milan” hujumchisi Karlos Bakka esa mavsumni ajoyib boshlab, qator gollarni urishda davom etmoqda. Xullas, A Seriyaning muhim o‘yinlaridan biri bo‘lishi tabiiy.

Manba: Tribuna.Uz

Top