09:24 / 26.09.2016
5724

Janubiy Sudan isyonchilarining yetakchisi tarafdorlarini yangi urush boshlashga chaqirdi

Foto: Reuters

Janubiy Sudan isyonchilari yetakchisi Riyek Mashar xorijdan turib o‘z tarafdorlarini hukumatga qarshi yangi urush boshlashga chaqirdi va 2015 yilda tuzilgan tinchlik kelishuvini tan olmasligini ma'lum qildi.

Vitse-prezident Mashar joriy yilning iyul oyida, yangi fuqarolar urushi arafasida mamlakatni tark etgan edi. Ayni damda u Sudan poytaxti Xartum shahrida yashiringan.

Frans Press axborot agentligining ma'lum qilishicha, Mashar “mamlakatga tinchlik, erkinlik va demokratiyani qayta olib kelish uchun prezident Salva Kiiraning avtoritar va fashistik tuzumiga qarshi xalqni qo‘zg‘alonga” chorlagan.

Mashar qochib ketgach, vitse-prezidentlik unvonidan mahrum bo‘lgan. Uning o‘rniga isyonchilarga rahbar va vitse-prezident Taban Deng bo‘ldi. U hukumat bilan muzokaralar olib bormoqda.

Denganing tarafdorlari Mashar tinchlik sulhiga erisha olmasligini iddao qilishadi.

2013 yil dekabrida Salva Kiir qo‘zg‘olonchilarning sobiq yetakchisi, o‘zining o‘rinbosari Riyek Masharning lavozimidan bo‘shatishi Janubiy Sudanda mojaro kelib chiqishiga sabab bo‘ldi. Ikki siyosatchi o‘rtasidagi qarama-qarshilik tufayli ularning tarafdorlari, ikki xil elat vakillari o‘rtasida to‘qnashuvlar sodir bo‘lishi tezlik bilan avj oldi. To‘qnashuvlarda qurbon bo‘lganlar soni o‘n minglabni tashkil qiladi.

2015 yilning avgust oyida Kiir va Mashar tinchlik kelishuvini imzoladi. Shu yilning yanvar oyidan boshlab ular milliy birlik o‘tish hukumati tuzishga kelishib oldi. Shu yilning 7 iyul kuni hukumat kuchlari va qurollangan muxolifatchilar o‘rtasida mojaro yana yangilandi.

Top