23:54 / 27.09.2016
7895

Ekspertlar Ozarbayjonda muddatidan avval saylov o‘tkazilishi mumkinligini taxmin qilishmoqda

Foto: © RIA

Ozarbayjon konstitutsiyasidagi prezidentlik vakolati muddatining uzaytirilishini ko‘zda tutuvchi o‘zgarishlarga oid referendum natijalari davlat rahbari saylovlarining muddatidan ilgari o‘tkazilishi uchun asos bo‘lishi mumkin. RIA "Novosti" bu borada ekspertlar fikrini o‘rganib chiqdi. 

Ozarbayjon fuqarolari dushanba kuni referendumda konstitutsiyaga o‘zgarishlar kiritish bo‘yicha ovoz berishdi. Asosiy qonunga kiritilayotgan o‘zgarishlar prezidentning vakolat muddatini 5 yildan 7 yilga uzaytirish, vitse-prezidentlar institutini joriy etish, shuningdek davlat rahbari va deputatlikka qo‘yiladigan nomzodlarning yoshga doir cheklovlarni bekor qilishni ko‘zda tutadi. 

Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, prezidentlik vakolatining 5 yildan 7 yilga uzaytirilishi uchun 84,2 foiz, vitse-prezidentlar institutini joriy etish uchun - 84,5 foiz, prezidentga parlamentni tarqatib yuborish huquqi berilishi uchun - 87,9 foiz saylovchi ovoz bergan. Prezidentlikka nomzodlarning yoshga doir cheklovini bekor qilish uchun 88 foiz saylovchi ovoz bergan. MSK (markaziy saylov komissiyasi) saylov bo‘yicha so‘nggi natijalarni 21 oktabrga qadar e'lon qiladi. 

Xalqaro kuzatuvchilar Ozarbayjon konstitutsiyasiga o‘zgarishlar kiritish referendumi jahon standartlari va mamlakatning Asosiy qonuniga muvofiq o‘tkazilganini ta'kidlashdi. 

Ozarbayjonlik va rossiyalik ekspertlar referendum natijalari prezidentlik saylovlarining muddatidan avval o‘tkazilishi uchun asos bo‘la oladi, deb hisoblashmoqda. 

Ozarbayjonning hozirgi davlat rahbari Ilhom Aliyev bu yuksak lavozimga 3 marotaba saylangan, u oxirgi marta 2013 yilgi saylovlarda g‘olib bo‘lgan. Uning vakolat muddati 2018 yilda tugaydi. 

Ekspertlarning so‘zlariga ko‘ra, referendum natijalari Aliyevni qo‘llab-quvvatlovchilar ko‘p ekanini ko‘rsatgan. U va uning partiyasi saylovchilarni nazorat qilmoqda. Bu uning keyingi prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozonish imkoniyati yuqori ekanligidan dalolat beradi. 

 

Mavzuga oid
Top