20:30 / 29.09.2016
14392

Ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta'minlash dasturi masalasida majlis o‘tkazildi

 

Joriy yilning 29 sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. 

Deputatlar O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi tashabbusiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi mehnat vazirining «2016 yilda ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta'minlash dasturi bajarilishining borishi to‘g‘risida»gi axborotini eshitdilar. 

Eshituv davomida O‘zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligining mintaqalar va muayyan korxonalar kesimida Bandlik dasturi amalga oshirilishining tizimli monitoringi va tahlilini o‘tkazishga doir faoliyati, mehnat bozorida talab va taklifni o‘rganish natijalari hamda 2016 yil uchun tasdiqlangan ko‘rsatkichlarni bajarish yuzasidan uning asosida qabul qilingan zarur qo‘shimcha chora-tadbirlar, yangi tashkil etilayotgan ish o‘rinlari xususidagi ko‘rsatkichlarning to‘g‘riligi ustidan nazoratni kuchaytirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi bilan hamkorlikdagi ishlari to‘g‘risidagi axborot taqdim etildi. 

Ta'kidlab o‘tildiki, tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilganligi, shuningdek, asosan sanoatda, xizmatlar ko‘rsatish va servis sohasida, uy-joy qurilishida yangi obektlarning ishga tushirilganligi, kichik biznes, fermer va dehqon xo‘jaliklarining jadal rivojlanganligi joriy yilning yanvar-iyun oylarida 462,5 ming kishining bandligini ta'minlash imkonini berdi. Ish o‘rinlarining 59,8 foizi qishloq joylarida tashkil etildi. 

Ish bilan band bo‘lmagan aholi vakillariga ishga joylashish borasida mehnat organlari tomonidan bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkalarini o‘tkazish orqali ko‘mak ko‘rsatildi. Natijada bandlikka ko‘maklashish tuman va shahar markazlari tomonidan ishga joylashtirish yuzasidan murojaat qilgan 124,6 ming fuqaro doimiy va vaqtinchalik ish bilan ta'minlandi, 52,6 ming fuqaroga mehnatga oid qonun hujjatlari bo‘yicha hamda ishga joylashish imkoniyatlari xususida axborot va maslahatlar berildi. 

Shu bilan birga, deputatlar O‘zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligining «2016 yilda ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta'minlash dasturi bajarilishining borishi to‘g‘risida»gi axborotini ijobiy baholagan holda, Dasturda nazarda tutilgan barcha chora-tadbirlar kompleksini amalga oshirishda foydalanilmagan imkoniyatlar hamda kamchiliklar borligini, xususan, Dasturning bajarilishi yuzasidan monitoring va tahlil qilish tizimini takomillashtirish, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligining boshqa tegishli davlat organlari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan hamkorligini yaxshilash zarurligini ta'kidlab o‘tdilar. 

Inoyat Hojiyev, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati: 

– Ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta'minlash dasturi bajarilishining borishi to‘g‘risidagi axborotning parlamentda eshitilishi o‘ta dolzarb bo‘lib, dasturning samarali amalga oshirilishi borasida ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan bir qatorda deputatlar korpusi zimmasiga ham mas'uliyat yuklaydi. 

Shuning uchun mazkur masala doimo parlament diqqat markazidadir. Chunonchi, ushbu eshituvdan oldin deputatlar tomonidan bir qator viloyatlarda dasturning amalga oshirilishi holati o‘rganib chiqildi. Yangi korxonalarni ishga tushirish va ishlab turgan korxonalarni kengaytirish, kichik korxonalarni rivojlantirish va boshqa tadbirlar hisobiga ish o‘rinlari tashkil etish borasida qoloqlik aniqlandi. 

Shu sababli ayrim mintaqalarda ish o‘rinlari tashkil etish yuzasidan mahalliy hokimiyat organlarining ishini faollashtirish zarurligiga e'tibor qaratildi. 

Jamol Nosirov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati: 

– Dastur bajarilishining samaradorligini oshirishda barcha davlat organlari va muassasalarining, deputatlar hamda keng jamoatchilikning yaqindan hamkorlik qilishi muhim ahamiyat kasb etadi. Shu sababli monitoring tizimini takomillashtirish, dastur ko‘rsatkichlarining so‘zsiz bajarilishi ustidan nazoratni kuchaytirish zarur. 

Mamlakatimizning ayrim mintaqalarida Bandlik dasturi bajarilishining borishini o‘rganish aholi bandligini ta'minlash, mehnat bozorida talab etiladigan muayyan mutaxassisliklar bo‘yicha kasb-hunar kollejlarining bitiruvchilariga bo‘lgan ehtiyojni rejalashtirish masalalarida mahalliy davlat hokimiyati organlarining faoliyatida hanuzgacha kamchiliklar mavjud ekanligini ko‘rsatmoqda. 

Bugungi ochiq-oydin va tanqidiy muhokama biz, deputatlarning parlament nazorati imkoniyatlaridan ko‘proq foydalanishimiz zarurligini ko‘rsatadi. 

Erkin Avezov, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligining boshqarma boshlig‘i: 

– Bugungi eshituv o‘tgan yillardagidan farqli ravishda amaliy va tanqidiy ruhda o‘tdi. Saylovchilar bilan bo‘lgan uchrashuvlar va nazorat-tahlil tadbirlari davomida olingan ma'lumotlar asosida deputatlar tomonidan bildirilgan fikr-mulohazalarni o‘rinli deb hisoblaymiz. Xususan, yangi tashkil etilayotgan ish o‘rinlari haqidagi ko‘rsatkichlarning to‘g‘riligi ustidan nazoratni kuchaytirishga doir davsiyalar berildi. Bularning barchasi faoliyatimizda yangicha yondashuvlarni, shuningdek, ishimiz sifatini yanada yaxshilashni talab etadi. 

Eshituv yakunlariga ko‘ra, muhokama davomida bildirilgan fikr-mulohazalarni inobatga olgan holda, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi tegishli qaror qabul qildi. 

 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi

Qonunchilik palatasining

Axborot xizmati

Top