13:39 / 30.09.2016
4387

Xitoyda ko‘mirdan xoli hudud yaratish dasturi yo‘lga qo‘yilmoqda

Pekin hukumati 2017 yilda Xitoy poytaxti atrofida ko‘mirdan xoli hudud yaratadi. Bu shahardagi havo sifatini sezilarli darajada yaxshilashga imkon beradi. Sinxua agentligi shu haqida xabar berdi. 

Manbaga ko‘ra, hukumat 2016-2017 yillar uchun Xebey provinsiyasidagi havoning ifloslanishi bilan kurashish bo‘yicha chora-tadbirlarni kuchaytirishga yo‘naltirilgan dasturni yo‘lga qo‘ydi. 

Rejaga muvofiq, 2017 yilning noyabridan poytaxtni o‘rab turgan Xebey provinsiyasi shaharlari va tumanlarida ko‘mir yoqish taqiqlanadi. Hujjatga ko‘ra, deyarli 7,5 ming kvadrat kilometr maydon aholisiga ko‘mirdan foydalanish man etiladi. Bu hududlarda ko‘mirdan faqat elektr energiya markazi, markazlashtirilgan issiqlik yetkazish muassasasi, shuningdek ko‘mirni xom ashyo sifatida qo‘llovchi korxonalar foydalanishi mumkin bo‘ladi. 

Agentlikning yozishicha, mahalliy aholiga uylarni ko‘mir bilan emas, elektr isitgichlar va gaz ustunlari bilan isitish taklif qilinmoqda. 

2017 yilning oxiriga borib, poytaxt atrofidagi 18 ma'muriy hudud markazlashgan isitish tizimi yoki ekologik sof isitish tizimiga o‘tishi kutilmoqda. 
 

Top