07:14 / 01.10.2016
5507

Xitoyda 4 nafar giyohvandfurush o‘lim jazosiga mahkum qilindi

Xitoyning Lyaonin viloyati sudi giyohvand modda sotish bilan shug‘ullangan guruhning 4 a'zosini o‘lim jazosiga mahkum qildi, deb xabar bermoqda "Sinxua" axborot agentligi.

Tegishli qarorni Shenyan sudi chiqardi. Guruh boshlig‘i Chen Syuyxun va yana bir giyohvandfurush o‘lim jazosiga, yana ikki jinoyatchi hukmni ijro etishni 2 yilga qoldirish bilan o‘lim jazosiga mahkum qilindi. Xitoyda qoida bo‘yicha, ijro etishni qoldirish bilan o‘lim jazosi qatldan ozod etadi. Agar jinoyatchi bu davr ichida yangi jinoyat sodir etmasa, unda o‘lim jazosi umrbod qamoq jazosi yoki kichikroq muddat bilan almashtirilishi mumkin.

Guruhning qolgan 5 a'zosi 2 yildan 10 yilgacha turli qamoq jazolari oldi. Sud ma'lumotlariga ko‘ra, guruh 2014 yil mayidan beri 33 kg metamfetamin sotishga ulgurgan.

Xitoy jinoyat qonunchiligida narkojinoyatlar uchun qat'iy jazo ko‘zda tutilgan. Yirik hajmdagi giyohvand modda (misol uchun, bir kg dan ko‘proq opium yoki 50 grammdan ko‘proq geroin) kontrabandasi uchun 15 yillik qamoq jazosi, umrbod ozodlikdan mahrum qilish yoki o‘lim jazosi berilishi mumkin.

Top