16:32 / 01.10.2016
92924

Bosh vazir virtual qabulxonasi kutilgan natija beryaptimi: faktlar suratlarda

Avval xabar qilinganidek, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri qabulxonasi test rejimida virtual faoliyatini ishga tushirgan edi.

Oradan ko‘p o‘tmay, virtual qabulxonaga bo‘lgan murojaatlar atroflicha ko‘rib chiqilib, ularda ko‘tarilgan masalalar va muammolar hal etilgan. Ulardan ayrimlari bilan sizlarni tanishtirib o‘tamiz.

Buxoro viloyatida istiqomat qiluvchi fuqaro X.N.B. tomonidan 2016 yil 26 sentabr kuni O‘zR Bosh vazirining virtual qabulxonasiga “O‘zsanoatqurilishbank”iga qo‘ygan omonatini o‘z vaqtida ololmayotgani sababli yordam so‘rab murojaat qilingan. 28 sentabr kuni fuqaro tomonidan 76 mln. so‘m miqdoridagi o‘z omonati naqd pulda to‘lab berilgan.

2016 yil 27 sentabr kuni Sirdaryo viloyatida istiqomat qiluvchi fuqaro A.Sh.I. tomonidan O‘zR Bosh vazirining virtual qabulxonasiga 10-00 telefon raqami orqali ta'lim kreditini olishga 7 sentabrda ariza berilgan bo‘lsa-da, “Agrobank” tomonidan ta'lim krediti ajratilmayotganligi yuzasidan yordam so‘rab murojaat qilindi. 28 sentabr kuni (1 kun muddatda) talabaga kredit shartnomasi rasmiylashtirilib, 4 mln. 400 ming so‘m miqdorida mablag‘ oliy o‘quv yurtining hisob raqamiga o‘tkazib berildi.

Navoiy viloyatida yashovchi fuqaro X.Y.M. tomonidan 2016 yil 26 sentabr kuni O‘zR Bosh vazirining virtual qabulxonasiga 10-00 telefon raqami orqali “Qishloq qurilish bank”iga qo‘ygan omonatini o‘z vaqtida ololmayotgani sababli yordam so‘rab murojaat qilindi, natijada 28 sentabr kuni fuqaro tomonidan o‘z omonatini kerakli qismi olindi va qolgani jozibador yuqori foizli omonat turiga qayta rasmiylashtirildi.

O‘qituvchi va murabbiylar kuni oldidan 89 yoshli pedagog onaxonning Bosh vazir virtual qabulxonasiga murojaati bo‘yicha masalasi hal bo‘lib, duo qilgani ham diqqatga sazovor.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziriga ariza, taklif va shikoyatlarni (0 800) 210-0000 yoki «1000» qisqa raqamlariga qo‘ng‘iroq qilgan holda yuborishingiz mumkin (qo‘ng‘iroq respublika bo‘yicha bepul bo‘lib, undan faqatgina statsionar telefonga qo‘ng‘iroq qilish narxi bo‘yicha haq olinadi).

Top