09:13 / 03.10.2016
9949

Britaniyalik mahbuslar og‘maxon (xomyak) o‘limi tufayli turmani ostin-ustun qilishdi

Buyuk Britaniyadagi turmalardan birining mahbuslari turmani ostin-ustun qilishdi. Mahbuslarning bosh ko‘tarishiga mahbuslardan biriga tegishli og‘maxon (xomyak)ning o‘limi sabablardan biri qilib ko‘rsatilgan. Bu haqda The Telegraph nashri xabar bermoqda

Tartibsizliklarda bir kamerada saqlangan 4 mahbus ishtirok etgan. Ular turmadagi mebel, shamchiroqlarni vayron qilishgan, so‘ngra qavatlar orasida tortilgan himoya to‘riga chiqib, o‘sha yerda o‘tirishgan. "Ular o‘zlari bilan matras, stul, yegulik, tamaki va hattoki "Monopoliya" o‘yinini birga olvolishgan. Bundan ko‘rinishicha, ular u yerda uzoq vaqt qolishga qaror qilishgan", deb aytdi prokuror Gordon Aspden.

Mahbuslar kameralardagi tintuvlardan shikoyat qilishgan, 23 yoshli mahbus Kayl Bleki esa og‘maxoni o‘lganidan qayg‘udaligini aytgan.

Buyuk Britaniyada intizomli mahbuslarga kamerada jonzotlar saqlashga ruxsat beriladi. Biroq, nashrning ta'kidlashicha, og‘maxon qayerda – turmada yoki mahbusning oilasi bilan erkinlikda yashagani noma'lum. 

Isyonni bostirish uchun 4 soat talab etildi. Undan ko‘rilgan zarar 12 ming funt sterlingni tashkil qilgan. Mahbuslar o‘zlarini aybdor deb tan olganlar. Ular turli kameralarga tarqatilgan, keyinroq ularni umuman boshqa-boshqa turmalarga jo‘natish rejalashtirildi.

Top