16:00 / 03.10.2016
12464

Dunyo mamlakatlari Afrikaning "aqlli" to‘tilari savdosini taqiqlashdi

Afrikaning kul rang to‘tilari inson nutqiga mukammal taqlid qila oluvchi eng aqlli qushlardan biri hisoblanadi. SITeS Konventsiyasining ishtirokchi-mamlakatlari Afrika kul rang to‘tilari savdosini taqiqlash to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu haqida  tashkilotning rasmiy saytida ma'lum qilindi

Bu haftada Janubiy Afrikaning Yoxannesburgida Yovvoyi flora va fauna turlarining xalqaro savdosi to‘g‘risidagi  Konventsiyaning ishtirokchi-mamlakatlari vakillarining navbatdagi uchrashuvi bo‘lib o‘tmoqda. Uchrashuv doirasida ekolog va diplomatlar yovvoyi hayvonlar hayotiga xavf soluvchi muammo hamda tahdidlarni muhokama qilishdi. 

Hozircha Afrika kul rang to‘tilari (Psittacus erithacus) savdosini to‘liq taqiqlash - konvensiyaning asosiy qarori bo‘lib qolmoqda. Yig‘ilganlarning 95 nafari bu qarorni qo‘llab-quvvatlashgan, 35 nafari esa bunga qarshi ovoz bergan. 

Yo‘qolib ketish xavfi ostida qolgan qushlarning bu turi taxminan 100ta so‘zni eslab qolish va inson bilan suhbat qurish qobiliyati tufayli so‘nggi yillarda juda xaridorgir bo‘lib ketdi. Shu bois qonuniy savdogarlar va brakonerlar yovvoyi tabiatda (Kongo havzalarida) bu noyob qushlarni ommaviy ta'qib qila boshlashdi. 

Ekologlarning kuzatuvlariga ko‘ra, 1970 yillar boshidan buyon  Afrikadan 3 milliondan ortiq kul rang to‘ti olib chiqilgan. 

"Bu qushlar juda kamayib ketgan, Benin, Burundi, Gvineya, Gvineya-Bisau, Keniya, Ruanda, Tanzaniya va Togoda ular butkul yo‘qolib ketgan. Agar sizning to‘tingiz gapirishni bilganida edi, u bu qaror uchun "rahmat" degan bo‘lardi", - dedi Yovvoyi hayvonlarni saqlash jamiyatidan Syuzan Liberman.

Top