17:40 / 03.10.2016
10699

Katta yoshli bemor birinchi marta OIVdan davolandi

Britaniyaning Oksford va Kembrij Universiteti hamda London Qirollik Universiteti va kolleji shifokorlari Odam immuntanqisligi virusi infeksiyasidan zararlangan katta yoshli kishini davolashning uddasidan chiqqanlarini ma'lum qilishdi. Bu haqda, The Sunday Times nashri yozmoqda.

44 yoshli britaniyalik erkak OIV xastaligidan tuzalgan. U, virusga qarshi maxsus davolash kursidan muvaffaqiyatli o‘tgan birinchi bemor bo‘ldi. Yangi usul, olimlarning so‘zlariga ko‘ra, OIVni tananing faqatgina faol bo‘lgan emas, balki barcha qismida ta'qib etib, yo‘q qilish imkonini beradi. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatganki, bemor qonidagi virus shunchalik kamayganki, tahlillar salbiy natijani ko‘rsatgan. 

Standart antiretrovirusli davolash faol zararlangan hujayralarga qarshi kurashadi, ammo virusni yuqtirgan biroq faol bo‘lmagan boshqa T-limfotsitlarni o‘z holiga qo‘yadi. Bu esa, bugungi kundagi dorilar OIV infeksiyasi faolligini nazorat qila olishi, ammo uni yo‘qota olmasligini bildiradi. Olimlarga ko‘ra, ular taklif etayotgan davolash uslubi sinov jarayonida bo‘lgani sabab keng klinik qo‘llashga mo‘ljallanmagan.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining 2014 yilgi statistik ma'lumotlariga ko‘ra, dunyoda 37 mln kishi OIV virusini yuqtirgan. 34 mln kishi esa, ushbu xastalik bilan bog‘liq holatlar qurboni bo‘lgan. Hisobot davriga kelib, har yili 1,5 millionga yaqin inson asosan betartib jinsiy hayot kechiruvchilar orasida keng tarqalgan virusdan halok bo‘lgan, 2,2 millionga yaqin odam virus tashuvchisi hisoblangan. 
 

Mavzuga oid
Top