18:46 / 04.10.2016
14592

Filippin prezidenti Obamaga "jahannamga ko‘ndalang ketish"ni tiladi

Filippin prezidenti Rodrigo Duterte yana bir bor AQSh prezidenti Barak Obamani  o‘z bisotidagi “hissiyotlarga boy” so‘zlarini qo‘llab haqoratladi, deya xabar qilmoqda Assoshieyted Press agentligi.

Duterte Amerika yetakchisining Filippindagi og‘ufurushlarga qarshi kurashda o‘ta keskin usullar qo‘llanilayotganini yodga olishiga javoban, Obamani “jahannamga jo‘natgan”. 

Bundan tashqari, agentlikning ma'lum qilishicha, Duterte uning giyohfurushlarga qarshi kurashini tanqid qilayotgan YeIga ham maslahat berib, "jahannamda joy to‘lib bo‘lgani uchun boshqa yerdan joy qidirish"ni tavsiya qilgan.

Filippin yetakchisi jahon davlat rahbarlariga nisbatan tortinmasdan so‘kinishi bilan dong taratishga ulgurgan. Xususan, u Xitoyda bo‘lib o‘tgan G20 sammiti arafasida Obamani "fohishaning bolasi" deya haqoratlagan edi. Keyinchalik, Duterte BMT bosh kotibini ham siylab, uni "ahmoq"qa tenglashtirgandi. Bundan tashqari, Rim papasi va AQShning Maniladagi elchisi ham undan o‘z ulushini olishga ulgurgan. 

2016 yil may oyida bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovida g‘alaba qozongan Rodrigo Roa Duterte og‘ufurushlar va shunday moddalarni iste'mol qiluvchilarga qarshi ayovsiz kurash olib borish tarafdoridir. Politsiya ma'lumotlariga ko‘ra, Duterte hokimiyat tepasiga kelganidan beri mamlakatda giyohvand moddalarga aloqasi bor 2,4 ming kishi o‘ldirilgan. 

 

Top