Yevropa Ittifoqi Afg'oniston hukumatiga 1,2 mlrd dollar miqdorida moddiy yordam beradi. Bu mablag'lar tashkilotning donor mamlakatlari hisobidan taqdim etiladi. Bu haqda YeI diplomatiyasi rahbari, Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo'yicha oliy vakili, Yevrokomissiya vitse-prezidenti Federika Mogerini Bryusseldagi konferensiyada ma`lum qildi.

"YeI Afg'onistonga 1,2 mlrd dollar miqdorida yordam ajratish bo'yicha qaror qabul qildi. Bu konferensiya nafaqat moliyaviy ko'mak ko'rsatish maqsadida, balki Afg'onistonni siyosiy tomonlama qo'llab-quvvatlash istiqbollarini muhokama etish maqsadida ham tashkil qilindi. Bu mamlakatda xavfsizlikni ta`minlash uning tiklanishi uchun muhim ahamiyatga ega hisoblanadi", deya Mogerinining so'zlarini keltirgan TASS axborot agentligi.

Uning qayd etishicha, YeIning Afg'oniston masalasidagi 2 kunlik konferensiyasida 70 davlat va 30 tashkilotdan 100dan ortiq delegatsiya ishtirok etmoqda.

Bundan oldinroq, Afg'onistonni qo'llab-quvvatlash rejasi haqida Avstraliya TIV rahbari Juli Bishop ma`lum qilib o'tgandi. Uning so'zlariga ko'ra, rasmiy Kanberra 2020 yilgacha har yili Kobulga 80 million Avstraliya dollaridan (60 mln AQSh dollari) ajratib boradi. Bundan tashqari, Avstraliya Afg'onistonga jahon oziq-ovqat dasturi doirasida 10 mln dollar beradi.

"Biz Afg'oniston yana xalqaro terrorizm o'chog'iga aylanib qolmasligi uchun barcha zarur choralarni ko'rishimiz kerak", degan Bishop va Afg'onistonda 270 nafar avstraliyalik harbiy saqlab qolinishini bildirgan.