23:18 / 05.10.2016
8782

Honda NSX superkarining birinchi nusxasi ari deb pachoq bo‘ldi

foto: Honda NSX

Juda texnologik, chiroyli, qimmatbaho, tezkor, tejamkor deb ta'riflanayotgan Honda NSX superkarining birinchi nusxasi Tayvan yo‘llarida yo‘l-transport hodisasiga uchradi. Bunga esa ari aybdor bo‘lgani aytilmoqda. 

Bort raqami "0000" bo‘lgan mashina Taybey ko‘chalarida kezayotganda uni boshqarayotgan 27 yoshli Xu ismli jurnalist oynani tushirib ketishga qaror qilgan. Bu vaqt mashina ichiga kirib qolgan ari jurnalistni bo‘ynidan chaqqan. Shundan keyin Xu mashina boshqaruvini qo‘ldan chiqargan va mashina ajratuvchi to‘siqqa borib urilgan. Albatta, mahalliy politsiya bunday "qiziqarli" voqeadan keyin Xuni "hushyorlikka tekshirishga" qaror qilgan, biroq jurnalistning qonida zarracha alkogol aniqlanmagan, deb yozmoqda Carbuzz nashri.

foto: Honda NSX

Avtomobilning YTHdan keyingi holati tasvirlangan videoda uning old chap qanoti, bamperi, kapoti va chiroqlariga shikast yetganini ko‘rish mumkin. Shuningdek, old chap eshik, old podveska va disk ham ta'mirtalab bo‘lib qolgan. Avtomobildan quyuq suyuqlik oqayotgani esa uning tormoz tizimi ham ishdan chiqqan bo‘lishi mumkinligidan darak beradi. Avtomobil salonida shuningdek xavfsizlik yostiqchalarini ham almashtirishga to‘g‘ri keladi.

Ma'lum qilinishicha, pachoq bo‘lgan superkar sinovlar uchun ishlatilgan. Ta'kidlanishicha, Honda Tayvanga 9 ta NSX’dan yetkazib berishni rejalashtirgan.

Xuddi shunday raqamli NSX avvalroq dunyoning yetakchi avtomobil ko‘rgazmalarida o‘zini "ko‘z-ko‘z" qilib turgandi va YTHga aynan shu avtomobil tushgan bo‘lishi mumkin. 

 

Top