12:22 / 05.10.2016
12544

Karlush Keyrush ertangi o‘yin oldidan O‘zbekiston terma jamoasi kuchiga baho berdi

Jahon chempionati 2018 saralashining uchinchi bosqichi doirasidagi O‘zbekiston – Eron uchrashuvi oldidan matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda dastlab Eron bosh murabbiyi Karlush Keyrush savollarga javob berdi. Bu haqda O‘FF rasmiy sayti xabar berdi.

"O‘zbekiston mamlakatiga, O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi, o‘zbek jurnalistlariga salomlarimni yo‘llayman va bizga ko‘rsatilayotgan e'tibor uchun minnatdorchiligimni bildiraman. Toshkentga uchinchi marta Eron murabbiyi sifatida keldim. Bundan juda xursandman. Ertaga guruhimizdagi eng yaxshi jamoaga qarshi o‘ynaymiz. Sababi O‘zbekiston dastlabki 2 turdan so‘ng, guruh peshqadami bo‘lib turibdi. Umid qilamanki, bizdan kutilayotgan ijobiy natijani Eronga olib borishga harakat qilamiz.

Jarohatlar futbolning ajralmas qismi. Terma jamoada Dejagoh, Jahonbaxsh yoki Shojaiydan kuchliroq yulduz bor. Bu yulduzning nomi - jamoa. Bu futbolchilar haqida ikkita xabar aytishim mumkin. Biri yaxshi va biri yomon. Yaxshisidan boshlayman: ertaga bu futbolchilar maydonga tushishga tayyor. Bu – Eron uchun yaxshi xabar. Yomon xabar: bu futbolchilar ertaga maydonga tushishga tayyor. Bu -  O‘zbekiston uchun yomon xabar.

Eron terma jamoasida hozir juda kuchli futbolchilar jamlangan va termaga chaqiruv olgan barcha futbolchilar istalgan vaqtda jamoaga yordam berishga tayyor.

Bugungi kunda Eronda futbolchilar borasida muammo yo‘q. Bu mamlakatda futbol yildan yilga o‘sishga erishmoqda. Men termaga kelganimda bir nafar futbolchi Yevropa klublarida o‘ynardi. Hozir esa 11 nafar futbolchimiz Yevropa qit'asida o‘ynamoqda”, - deydi Karlush Keyrush.

Mavzuga oid
Top