17:22 / 05.10.2016
12709

Ozarboyjonliklar “O‘zbegim yoshlari” guruhining san'atiga shaydo bo‘lishdi

Joriy yilning 27-30 sentabr kunlari Ozarboyjonning Ganja shahrida xalqaro yoshlar festivali bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbirda Ozarboyjon davlati bilan bir qatorda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Turkmaniston, Qirg‘iziston va Turkiya mamlakatlari vakillari qatnashishdi, Qatar yoshlari esa tadbir mehmoni sifatida ishtirok etishdi.

Ozarboyjon Respublikasining Ganja shahrida bo‘lib o‘tgan xalqaro yoshlar festivalida mamlakatimiz nomidan “O‘zbegim yoshlari” musiqiy guruhi ishtirok etdi. O‘zbekiston yoshlari san'atini Haydar Aliyev nomidagi Ozarboyjon Madaniyat markazi qo‘llab-quvvatladi.

Festivalning asosiy maqsadi  yoshlarning o‘zaro tajriba almashinuvi va xalqaro hamkorlikni kengaytirishdan iborat.

Shuni ta'kidlash joizki, tadbir doirasida yoshlar orasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi, har bir mamlakat yoshlari tomonidan tayyorlangan milliy taomlar namoyishi bo‘lib o‘tdi, ular erishgan yutuqlarga doir onlayn-tadbir o‘tkazildi.

Bundan tashqari, mamlakatlar vakillari ijodkor yoshlar ishtirokidagi konsertda qatnashishdi, yosh suratkashlar ko‘rgazmasi tashkil etildi. 

“O‘zbegim yoshlari” musiqiy guruhining chiqishi Ozarboyjonda katta qiziqish va olqishlar bilan kutib olindi. Hakamlar hay'ati o‘zbekistonlik guruhni “Eng yaxshi chiqish va ijro” uchun mukofotladi, Ganja shahar Ijroiya hokimiyati rahbari Elmar Veliyev musiqiy guruhni shaxsan taqdirladi.

O‘zbekiston yoshlari ko‘plab musiqiy va raqs nomerlari bilan ishtirok etishdi. Markaziy Osiyoda eng boy madaniy va musiqiy merosga ega O‘zbekiston vakillarining chiqishi Ozarboyjonda katta olqishlar bilan kutib olindi. Shunisi e'tiborga molikki, Ozarboyjon va O‘zbekiston yoshlari birgalikda ajoyib raqs ijro etishdi.

Kontsertdagi tomoshabinlar orasida O‘zbekistondan V Boku Global Forumiga tashrif buyurgan delegatsiya ham bor edi.

Bundan tashqari, mehmonlar Ozarboyjonning buyuk shoiri Nizomiy Ganjaviy maqbarasi, shuningdek Ozarboyjonning jahon mo‘'jizasi – o‘zining jozibasi bilan shuhrat qozongan Ko‘kko‘l Milliy parkini ziyorat qilishdi.

“O‘zbekiston yoshlari” ansambli rahbari, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Lutfiyaxonim Ro‘ziboyevaning so‘zlariga ko‘ra, ushbu jamoa 11 yil avval tashkil topgan. Ansambl dunyoning 19 mamlakatida o‘z san'atini namoyish qilib qaytgan. “O‘zbegim yoshlari”ning maqsadi –  o‘zbek qo‘shiqchiligi va raqs san'atini dunyoga yetkazish, shuningdek milliy liboslarimizni namoyon qilishdan iborat.

Mavzuga oid
Top