20:57 / 06.10.2016
18413

Karlush Keyrush Eronga qarshi O‘zbekiston futbolchilari nega bunday tushunarsiz o‘yin ko‘rsatganiga izoh berdi

© THE-UFF.COM

Jahon chempionati saralashining uchinchi bosqichi doirasidagi O‘zbekiston – Eron uchrashuvidan keyin o‘tkazilgan matbuot anjumanining dastlabki qismida Eron terma jamoasi bosh murabbiyi Karlush Keyrish o‘yin haqidagi fikrlarini bildirib o‘tdi.

“O‘yin ikki jamoa uchun qiyin kechdi. Ammo, menimcha, bugun biz g‘alabaga munosibroq edik. O‘zbekiston terma jamoasi maydonning o‘ziga tegishli qismida to‘pni nazorat qilib, uzoq masofaga havodan to‘p uzatish bilan band bo‘ldi. Biz bunday holatda to‘pni egallab, qarshi hujumga tezkorlik bilan o‘tib, vaziyatlar yaratishga harakat qildik.

Menimcha, bugun O‘zbekiston terma jamoasining bunday o‘yin namoyish etganiga “aybdor” bizmiz. Mening futbolchilarim taktik jihatdan juda tartibli o‘yin namoyish qildik va ularning vaziyatlar yaratishi uchun barcha yo‘llarni yopib, ularga hujumda imkon bermadik. O‘zbekiston bugun Qatar va Suriyaga qarshi o‘yinlardagiga nisbatan tezkorroq harakat qildi. Ammo Eron bugun o‘z oldiga qo‘ygan rejasini to‘liq bajardi va shu sababdan ham g‘alaba qozondik.

O‘zbekistonga qarshi Eron bosh murabbiyi sifatida bir necha bor to‘qnash kelganman. Eng qiyini Tehronda, o‘z maydonimizda bo‘lgan.

Shuni ham ta'kidlashni istardimki, g‘alaba albatta yoqimli, lekin bu bor yo‘g‘i, biz qo‘lga kiritishim lozim bo‘lgan 30 ochkoning uchtasi xolos. Boshqa tomondan aynan mana shu g‘alaba, bizni o‘sha 30 ochko tomon yaqinlashtirdi. Bugungi g‘alaba bilan futbolchilarimni tabriklayman”, deydi Karlush Keyrush.

Mavzuga oid
Top