16:47 / 07.10.2016
15616

Inson o‘z kasbini topganda: «Andijon» klubi futbolchilari paxta terimiga chiqdi

Foto: CA

«Andijon» futbol klubi viloyatning Izboskan tumanidagi paxta dalasida paxta terimiga chiqdi.

Jurnalist Elmurot Ermatov bu holatga kinoya bilan yondashgan. 

«Andijon» futbolchilari paxtaga chiqishibdi. «Inson o‘z kasbini topganda» degan rukn rosa to‘g‘ri keladi mana shu joyiga», deya tvit qoldirgan u tvitterdagi sahifasida.

Jamoa matbuot xizmatining ma'lum qilishicha, O‘zbekiston milliy terma jamoasining JCh—2018 yo‘lidagi o‘yinlari sabab Oliy Ligada kichik tanaffus yuzaga kelganidan foydalangan «Andijon» klubi futbolchilari, jamoa rahbariyati, ayollar va bolalar jamoalarining murabbiylari paxta yig‘im-terimida ishtirok etdi.

«Bepoyon dalada klub rahbariyati, futbolchilar va ishchi xodimlar yonma-yon mehnat qilib, yurtimizning paxta xirmoniga o‘z ulushlarini qo‘shishdi, deb yozdi jamoa matbuot xizmati. Xabarda, shuningdek, jamoaning bir qator a'zolari hayoti davomida birinchi bor paxta dalasida ko‘rinish bergani keltirib o‘tilgan. Yakunda esa natija chakki bo‘lmadi», deyilgan xabarda.

Ma'lumot uchun, ushbu andijonliklar jamoasi 16 klub ishtirok etadigan Oliy Ligada so‘nggi o‘rinni egallab turibdi.

Mavzuga oid
Top