17:18 / 07.10.2016
19163

Muftiy Usmonxon Alimov dunyodagi eng nufuzli musulmonlar ro‘yxatida qayd etildi

Foto: Qadriyat.uz

Iordaniya Qirollik strategik islom tadqiqotlar markazi tomonidan jahonning eng nufuzli musulmonlarining yangi 500 talik ro‘yxati e'lon qilindi. 2016 yilgi reytingdan O‘zbekiston Musulmonlar idorasi rahbari, muftiy Usmonxon Alimov ham o‘rin olgan. Bu haqda qadriyat.uz xabar bermoqda.

Reytingda Al-Azhar shayxi Ahmad Toyyib yetakchilik qildi. Ikkinchi pog‘onani Iordaniya qiroli Abdulloh ibn al-Husayn band etdi. Uchinchi o‘rin Saudiya Arabistoni qiroli Salmon bin Abdul-Aziz al-Saudga nasib etdi. Ro‘yxatga, shuningdek Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an, Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘aniy, Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhammedov, Checheniston prezidenti Ramzan Qodirov, Ozarboyjon muftiysi Ollohshukur Poshshozoda, Rossiya muftiysi Ravil G‘aynuddin, Tojikiston muftiysi Sayyidmukarram Abdulqodirzoda ham kiritildi.

Nashrning 2016 yilning eng muhim voqealari ro‘yxatida O‘zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti Islom Karimovning vafot sanasi kiritilgan. Shuningdek, Rio-2016 yozgi Olimpia o‘yinlarining musulmon g‘oliblari qatorida 13 nafar o‘zbekistonlik sportchilar o‘rin olgan.

Ma'lumot uchun: Jahonning eng e'tiborli musulmonlarining 500 talik ro‘yxati 2009 yildan beri Iordaniya Qirollik strategik islom tadqiqotlar markazi tomonidan tuzib kelinadi. Muftiy Usmonxon Alimov 2009 yildan beri reytingdan muntazam o‘rin olib keladi.

Mavzuga oid
Top