10:42 / 07.10.2016
16921

Ramzon Qodirov Yemelyanenkoning Grozniydagi bolalar yakkakurash janglari haqidagi fikrlariga javob berdi

Foto: © RIA Novosti

Checheniston rahbari Ramzon Qodirov Rossiya MMA ittifoqi prezidenti Fyodor Yemelyanenko Grozniyda aralash yakkakurash bo‘yicha o‘tgan musobaqani tanqid qilib, noto‘g‘ri ish qilganini aytdi, deb xabar bermoqda "R-Sport". 4 oktabrda o‘tgan ko‘rgazmali musobaqada shuningdek Qodirovning 3 o‘g‘li ham ishtirok etgandi.

Janglardan birida Qodirovning 10 yoshli katta o‘g‘li Ahmad Qodirov 14 soniya ichida o‘zining raqibini nokautga uchratdi. Checheniston rahbarining yana ikki o‘g‘li – Ali (9 yosh) va Adam (8 yosh) mos ravishda 35 va 27 kg vazn toifasidagi janglarda g‘olib bo‘lishdi. Musobaqadan keyin Yemelyanenko ijtimoiy tarmoqlarda bolalar ishtirokidagi janglarni keskin qoralab, 12 yoshdan kichik bolalarga umuman MMA qoidalari bo‘yicha ishtirok etish taqiqlanganini aytgan. 

"Men agar Fyodor Yemelyanenko o‘z fikrlarini Grand Prix Akhmat-2016 musobaqasi va uning ahamiyati haqidagi yaxshi so‘zlar bilan boshlab, rus bahodiri va vatanparvari sifatida Chechenistonni bunday bayram bilan tabriklab, MMA bo‘yicha birinchi kamar o‘ynalganini qayd qilib, bir marta bo‘lsa ham Chechenistonga kelib, biz musobaqalarni qanday o‘tkazishimiz va sportni rivojlantirishimizni ko‘rib, so‘ng musobaqa doirasida o‘tkazilgan bolalarning ko‘rgazmali chiqishlari bo‘yicha e'tiroz bildirganda uni tushungan bo‘lardim. Hozirgi vaziyatda uning fikrlari aksincha bir qator savollar tug‘dirmoqda", deb izoh bergan Ramzon Qodirov.       

Ramzon Qodirov Yemelyanenkoning bu ishidan noroziligini va "rus bahodirlari bunday yo‘l tutmasliklari kerakligini" qo‘shimcha qildi.
 

Top