23:23 / 07.10.2016
8236

Toshkentdagi dzyudo turnirida yana 3 nafar o‘zbekistonlik sportchi oltin medalni qo‘lga kiritdi

Foto: O‘zA

Toshkent shahrida davom etayotgan dzyudo bo‘yicha Gran-pri turkumiga kiruvchi xalqaro turnirda o‘zbekistonlik yana uch sportchi oltin medalni qo‘lga kiritdi.

Vazni 73 kilogrammgacha bo‘lgan sportchilar o‘rtasidagi hal qiluvchi bellashuvda Mirzohid Farmonov va G‘iyosjon Boboyev o‘zaro kuch sinashdi. Finalga qadar Mirzohid ozarboyjonlik Mushfiq Yusubov, sloveniyalik Martin Xojak va rossiyalik Vali Kurjyevni yenggan, G‘iyosjon esa qozog‘istonlik Yeldos Jumakanov va ozarboyjonlik Hidoyat Haydarovni mag‘lubiyatga uchratgan. 

 Ikki sportchimiz o‘rtasidagi hal qiluvchi bellashuv Mirzohidning g‘alabasi bilan yakunlandi. G‘iyosjon esa kumush medalni qo‘lga kiritdi. Ushbu vazn toifasida qatnashgan yana bir sportchimiz Muso Sobirov bronza medal bilan taqdirlandi.

 Vazni 81 kilogrammgacha bo‘lgan polvonlar bahsida Davlat Bobonov qozog‘istonlik Yernazar Xamzin, qirg‘izistonlik Vladimir Zoloyev, ozarboyjonlik Rufat Ismoilov, finalda yaponiyalik Xayato Vatanabeni yengib, turnir g‘olibi bo‘ldi.

 Xotin-qizlar o‘rtasida vazni 70 kilogrammgacha bo‘lgan dzyudochilar bahsida Gulnoza Matniyozova barcha raqibini mag‘lubiyatga uchratib, shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy oldi. 

 Vazni 57 kilogrammgacha sportchilar o‘rtasida Sanobar Sultonova uchinchi o‘rinni egalladi.

Top