10:16 / 08.10.2016
50983

“Pasport stol”ni talon-taroj qilgan IIB xodimi sud hukmi bilan ozodlikdan mahrum etildi

Foto: telegraf.ua

1974 yilda Namangan shahrida tug‘ilgan Ismoil Shamsitdinov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) o‘ziga ishonib topshirilgan mas'uliyatli vazifani suiiste'mol qilib, poraxo‘rlikdek jirkanch illatga qo‘l urdi. Bu haqda “Huquq” gazetasi yozmoqda.

Ismoil Shamsitdinov 2008 yildan 2011 yilgacha huquqni muhofaza qiluvchi idoralarda faoliyat olib borgan. U ish faoliyati davomida turli shaxslar bilan o‘zaro jinoiy til biriktiradi va tamagirlik yo‘li bilan fuqarolarni aldaydi. Xususan, Namangan viloyati IIB xorijga chiqish, kelish va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limi, pasport-viza nazorati va chegaraoldi hududlarida yashashga ruxsat berish bo‘linmasida ishlab, fuqaro Ibodat Rasulovadan pul tama qiladi. Jinoiy guruh ( ishga I.Shamsitdinovning sherigi I.Rasulova ham aralashadi) shu yo‘l bilan undan 100 AQSh dollari, 100 ming so‘m pulni pora sifatida tamagirlik qilib oladi.

Tergov jarayonida bu shaxsning boshqa qilmishlari ham oshkor bo‘ldi. I.Shamsitdinov O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari xorijiy davlatlarga chiqishlariga ruxsatnoma berish uchun 2010 yil 1 sentabrdan 2011 yil 1 maygacha bo‘lgan davrda 6029 nafar fuqarodan undirilgan 146 mln. 333 ming so‘m to‘lovlarining 140 mln. 462 ming so‘mini bankka topshirib, qolgan 5 mln. 871 ming so‘mini o‘zlashtirib yuborgan ekan. U 59 ta holatda fuqaroning xorijga chiqish uchun salkam 1,5 mln. so‘mlik davlat boji to‘langanligi haqidagi qvitantsiyalarga o‘zboshimchalik bilan o‘zgartirish kiritib, ushbu mablag‘larni ham talon-taroj qiladi.

Sud I.Shamsitdinovga 8 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.

Top